14:52 / 25.02.2017
144164

Dunyodagi eng kuchli 10 armiya

Credit Suisse ma'lumotlariga ko‘ra, AQSh armiyasi mablag‘lar va hajmning qisqartirilishiga qaramay, dunyodagi yetakchilikni saqlab qolmoqda. U Rossiya va Xitoyni ham ortda qoldirgan. 

Harbiy kuch darajasini tahlil qilishda qurolli kuchlar (umumiy balldan 5 foizi), tanklar (10 foiz), jangovar vertolyotlar (15 foiz), samolyotlar (20 foiz), aviatashuvchilar (25 foiz) va suv osti kemalari (25 foiz) soni inobatga olindi. Baholash harbiy kuchni faqatgina son jihatidan taxmin qilish imkonini berdi hamda qurollar va shaxsiy tarkibning haqiqiy holati e'tiborga olinmadi. Shu tariqa, ro‘yxatda ba'zi bir davlatlarning bo‘lishi biroz kutilmagan holat ham bo‘lishi mumkin. 

Quyida jahonning eng kuchli o‘n armiyasi ro‘yxatini taqdim etamiz.

10. Turkiya

Mudofaa byudjyeti: 18,2 mlrd dollar
Shaxsiy tarkib soni: 410,5 ming kishi
Tanklar: 3778 
Samolyotlar: 1020 
Suv osti kemalari: 13 
Turkiya qurolli kuchlari – sharqiy O‘rta yer dengizidagi eng yiriklardan biri. Turkiya aviatashuvchilarning yo‘qligiga qaramay, suv osti kemalari soni bo‘yicha faqatgina besh davlatdan ortda qoladi. Shuningdek Turkiyada katta miqdordagi tanklar, samolyotlar va jangovor vertolyotlar bor. Mamlakat F-35 qiruvchisini ishlab chiqish bo‘yicha qo‘shma dasturda ham ishtirok etmoqda.

9. Buyuk Britaniya

Mudofaa byudjyeti: 60,5 mlrd dollar
Shaxsiy tarkib soni: 146,9 ming kishi
Tanklar: 407 
Samolyotlar: 936 
Suv osti kemalari: 10 
Buyuk Britaniya 2010-2018 yillarda qurolli kuchlar sonini 20 foizga qisqartirishni rejalashtirayotgan bo‘lsa-da, kuchi butun dunyoda ular bilan hisoblashishlariga qodir. Qirollik floti HMS Queen Elizabeth aviatashuvchisini 2020 yilda o‘z tarkibiga olishni maqsad qilgan. Uning uchish palubasining maydoni 18 ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lib, bortda 40ta F-35B qiruvchilari joylashishi mumkin.

8. Italiya

Mudofaa byudjyeti: 34 mlrd dollar
Shaxsiy tarkib soni: 320 ming kishi
Tanklar: 586 
Samolyotlar: 760 
Suv osti kemalari:
Italiya armiyasi ro‘yxatda yuqori o‘rinlardan birini ikkita faol aviatashuvchining borligi orqali egalladi. Buning ustiga suv osti kemalari va jangovar vertolyotlarning ko‘pligi ham Italiya reytingini yanada oshirgan.

7. Janubiy Koreya

Mudofaa byudjyeti: 62,3 mlrd dollar
Shaxsiy tarkib soni: 624,4 ming kishi
Tanklar: 2381 
Samolyotlar: 1412 
Suv osti kemalari: 13 
Janubiy Koreya Shimoldan ehtimoliy tahdid tufayli katta va kuchli armiyani saqlashga majbur. Shuning uchun armiyada suv osti kemalari, vertolyotlar bor, shaxsiy tarkib soni esa ancha yuqori. Shuningdek Janubiy Koreya kuchli tanklar guruhi va dunyoda hajmi bo‘yicha oltinchi o‘rinda turuvchi HHKga ega. 

6. Fransiya

Mudofaa byudjyeti: 62,3 mlrd dollar
Shaxsiy tarkib soni: 202,7 ming kishi
Tanklar: 423 
Samolyotlar: 1264 
Suv osti kemalari: 10
Fransiya armiyasi u qadar katta emas, biroq juda yaxshi tayyorgarlik va tezkorlik bilan ajralib turadi. Yaqindagina Charles de Gaulle aviatashuvchisi qurolli kuchlar tarkibiga kelib qo‘shildi, bundan tashqari, Fransiya Afrikadagi ekstremizmga qarshi kurash va mahalliy hukumatlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan harbiy amaliyotlarda qatnashadi.

5. Hindiston

Mudofaa byudjyeti: 50 mlrd dollar
Shaxsiy tarkib soni: 1,325 mln kishi
Tanklar: 6464 
Samolyotlar: 1905 
Suv osti kemalari: 15
Hindiston – dunyodagi eng katta harbiy davlatlardan biridir. U shaxsiy tarkib soni bo‘yicha faqatgina XXR hamda AQShdan ortda, tanklar va samolyotlar soni bo‘yicha esa AQSh, Xitoy va Rossiyadan tashqari barcha davlatlardan oldinda. Mamlakatda shuningdek yadro quroli ham bor. Kutilishicha, 2020 yilga kelib Hindiston mudofaa sohasiga sarf-xarajatlar ko‘pligi bo‘yicha to‘rtinchi o‘rinni egallaydi.

4. Yaponiya

Mudofaa byudjyeti: 41,6 mlrd dollar
Shaxsiy tarkib soni: 247,1 ming kishi
Tanklar: 678 
Samolyotlar: 1613 
Suv osti kemalari: 16 
Umuman olganda yapon armiyasi u qadar katta emas. Biroq undagi qurollar juda ham zamonaviydir. Yaponiya suv osti floti kattaligi bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi o‘rinni egallaydi. Davlatda shuningdek, to‘rtta aviatashuvchi ham bor, ular faqatgina vertolyotlar bilan jihozlangan. Yaponiya jangovor vertolyotlar soni bo‘yicha faqatgina Xitoy, Rossiya va AQShdan ortda.

3. Xitoy

Mudofaa byudjyeti: 216 mlrd dollar
Shaxsiy tarkib soni: 2,333 mln kishi
Tanklar: 9150 
Samolyotlar: 2860 
Suv osti kemalari: 67 
Xitoy armiyasi so‘nggi bir necha o‘n yil davomida hajm va imkoniyat bo‘yicha juda kattalashdi. U shaxsiy tarkib soni bo‘yicha dunyodagi eng yirik armiyadir. Davlat tanklar guruhi bo‘yicha (Rossiyadan so‘ng) hamda suv osti floti kattaligi bo‘yicha ikkinchi (AQShdan keyin) o‘rindadir. Xitoy harbiy modernizatsiya dasturida ajoyib muvaffaqiyatga erishdi, ayni damda esa bir qancha noyob harbiy texnologiyalarni ishlab chiqmoqda, ular orasida ballistik raketalar va beshinchi avloddagi samolyotlar bor.

2. Rossiya

Mudofaa byudjyeti: 84,5 mlrd dollar
Shaxsiy tarkib soni: 766 ming kishi
Tanklar: 15 398 
Samolyotlar: 3429 
Suv osti kemalari: 55 
Rossiya qurolli kuchlari dunyo bo‘ylab ikkinchi o‘rinni egallaydi. Mamlakat jahondagi eng katta tanklar guruhiga ega bo‘lib, harbiy-havo kuchlari kattaligi bo‘yicha ikkinchi (AQShdan so‘ng) va suv osti floti hajmi bo‘yicha uchinchi (AQSh va Xitoydan keyin) o‘rindadir. 2008 yildan beri Kreml harbiy xarajatlari qariyb uchdan birga ko‘paydi. Mamlakat Suriyada harbiy guruh joylashtirib, o‘zining tezkorligini yanada yaqqol namoyish etdi.

1. AQSh

Mudofaa byudjyeti: 601 mlrd dollar
Shaxsiy tarkib soni: 1,4 mln kishi
Tanklar: 8848 
Samolyotlar: 13 892 
Suv osti kemalari: 72 
AQSh byudjyetdagi xarajatlarni kamaytirish harakatlariga qaramay, mudofaaga Credit Suisse indeksidagi boshqa to‘qqiz mamlakatdan ko‘proq mablag‘ sarflaydi. Amerika asosan 10ta aviatashuvchining borligi bilan ustun turadi. Taqqoslash uchun, ikkinchi o‘rinni Hindiston egallaydi – mamlakat o‘zining uchinchi aviatashuvchisini yaratish ustida ishlamoqda. Shuningdek AQShda boshqa davlatlarga qaraganda ko‘proq samolyotlar, harbiy dengiz flotidagi yangi tezkor zambarak kabi ilg‘or texnologiyalar bor. Yadro quroli haqida esa gapirmasa ham bo‘ladi. 

Top