09:29 / 25.02.2017
11112

Pelening o‘g‘li 13 yillik jazo muddatini o‘taydi

Foto: AFP

Braziliyalik afsonaviy futbolchi Pele (to‘liq ismi Edson Arantis du Nasimentu)ning o‘g‘li Edson Sholbi Nasimentu (ko‘proq Edino nomi bilan mashhur) 13 yillik jazo muddatini o‘tash uchun politsiyaga keldi.

2014 yilda Braziliya sudi Pelening o‘g‘lini giyohvand moddalar savdosidan tushgan pullarni yuvgani uchun 33 yillik qamoq jazosiga mahkum etgandi. Biroq Edino o‘z shikoyat arizasi apellyatsiya sudida ko‘rib chiqilgunga qadar ozodlikda bo‘lgan.

Payshanba kuni sud ayblov xulosasini yakuniy ravishda tasdiqladi, biroq jazo muddatini 12 yil-u 10 oyga qadar qisqartirdi.

46 yoshli Edino juma kuni kechqurun Santos shahridagi politsiya bo‘linmalaridan biriga kelgan. "Bu juda afsuslanarli holat, sababi meni qilmagan ishimda ayblashmoqda", - deya mahkumning so‘zlarini keltiradi Reyter agentligi.

Surishtiruv jarayoni 2005 yilda boshlangan. Edinoni taniqli narkofurushlar bilan aloqalarda hamda narkotik moddalar savdosida ishtirok etishda ayblashgan. Uning o‘zi esa bu ayblovlarni rad etib, garchi giyohvand moddalarni iste'mol qilgan bo‘lsa ham, ularni sotishda qatnashmaganini ma'lum qilgan. 

Ma'lumot uchun, Edino otasi butun jahonga tanilgan “Santos” futbol klubida 1990-yillarda o‘ynagan.

Top