11:51 / 26.02.2017
6687

AQShlik hindlar hamyurtlari o‘limida Trampning siyosatini ayblashdi 

AQShning hind jamoati vakillari Kanzas shtatida hindlarga hujum qilinishi AQSh prezidenti Donald Trampning muhojirlarga nisbatan pozitsiyasining natijasi bo‘ldi, deb hisoblamoqdalar. Hujum oqibatida bir kishi halok bo‘lgan. 

AQShda yashovchi janubiy osiyolik muhojirlar jamoatchilik tashkiloti South Asian Americans Leading Together’ning rahbari Suman Ragxunatxanning jurnalistlarga aytishicha, unda janubiy osiyoliklarga nisbatan zo‘ravonlik qilingan yuzlab hodisalar haqida ma'lumotlar bor.

Hind 23 fevralda Oleyte shahridagi barda AQSh qurolli kuchlarining faxriysi, 51 yoshli Adam Purinton tomonidan otib o‘ldirilgan. Purinton "Davlatimdan yo‘qollaring!" deb baqirgancha barda o‘tirgan hindlarga o‘t ochgan. Hujum oqibatida haydarobodlik 32 yoshli Shrinivas Kuchibxotla voqea joyida halok bo‘lgan, yana ikki hind va mahalliy fuqaro jarohatlar bilan shifoxonaga yetkazilganlar. Purinton hibsga olingan.

"Bu voqea Trampning muhojirlarga qarshi siyosati tufayli janubiy osiyoliklar – musulmonlar, sikxlar, yaqin sharqliklar va arab jamoati vakillariga nisbatan adovat negizida oshib borayotgan zo‘ravonliklar oqimidagi navbatdagi hodisadir", deb Ragxunatxan aytgan so‘zlarni keltirib o‘tdi The Times of India nashri.

Tashkilot 2016 yilgi prezidentlik saylovlari vaqtida irqchilik negizida janubiy osiyoliklarga nisbatan zo‘ravonlik qilingan 200 dan ko‘proq holatni qayd qilgan.

Oq uy vakili Shon Spayser bardagi hujum va Trampning aytgan so‘zlari o‘rtasida aloqa qidirmaslikka chaqirdi. Biroq hind matbuotining yozishicha, Trampning o‘zi hozircha bu hodisaga hech qanday izoh bermagan.

Turli ma'lumotlarga ko‘ra, AQShda 5 mln ga yaqin hindlar yashaydi. OAVda ta'kidlanishicha, AQShda irqchilarning hindlarga hujumi avval ham yuz bergan. 2012 yilda AQSh armiyasi faxriysi Peyj Viskonsindagi sikx ibodatxonasida otishma sodir etgani oqibatida 6 kishi halok bo‘lgan va 4 kishi jarohat olgan.

Top