10:07 / 26.02.2017
12012
Olimlar to‘yib uxlamaslik semirishga olib kelishini aniqlashdi 

Yapon olimlari to‘yib uxlamaslik va ortiqcha vazn paydo bo‘lish xavfi o‘rtasida o‘zaro aloqa borligini aniqlashdi, deb xabar bermoqda Asahi Shimbun nashri.

Vaseda universiteti va Kao Corporation kompaniyasi mutaxassislari o‘tkazgan tadqiqot to‘yib uxlamaydigan odamlarda ishtahani tartibga soluvchi gormonlar miqdori kamayishini ko‘rsatdi. Bunda sarflanuvchi energiya miqdori o‘zgarishsiz qoladi va bu ishtaha kuchli bo‘lganda ortiqcha vazn yig‘ishga olib keladi.

Olimlar 23 yosh atrofidagi 9 nafar sog‘lom kishini maxsus xonaga joylab, ularda metabolizm tezligini o‘lchashgan. Tajriba ishtirokchilari uch kun 7 soatdan, keyingi uch kun esa 3,5 soatdan uxlashgan. 

Aniqlanishicha, oxirgi 3 kun natijalariga ko‘ra, ishtahani tartibga soluvchi gormonlar miqdori normal uyqu vaqtidagi gormonlar darajasidan 10 foizga kamaygan. Ishtirokchilar yana 7 soatlik uyquga  qaytganlaridan keyin, gormonlar miqdori yana normal holatga qaytgan. 

Olimlar moddalar almashinuvi tezligini o‘lchashdan tashqari, tajriba ishtirokchilaridan har soatda ular ochlik hissini qanchalik kuchli his qilayotganlarini so‘rab turishgan. Tajribaning ikkala bosqichida ham ishtirokchilar bir xil miqdorda yegulik olishganiga qaramasdan, ikkinchi bosqichda ularda ochlik hissi kuchliroq bo‘lgan. Olimlarning aytishicha, ochlik hissi uyqudan biroz oldin kuchaygan. 

Olimlar tadqiqotni shu yo‘nalishda davom ettirmoqchilar. "Kelajakda biz ovqatlanish, uyqu vaqti va jismoniy faollik o‘rtasidagi o‘zaro aloqani batafsilroq o‘rganmoqchimiz", deb aytgan olimlardan biri.

Top