15:52 / 27.02.2017
20206

Hayvonlarning eng ko‘p tishlash holati qaysi viloyatda kuzatildi? 

O‘zbekistonda fevraldagi quturish kasalligi bilan kurash oyligi davomida 67,4 ming it emlandi. Bu haqda O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Mamlakatda profilaktik emlashdan o‘tkazilgan 1,4 million uyda saqlanadigan it va mushuklar ro‘yxatga olingan. 2011-2016 yillarda daydi hayvonlar tomonidan tishlashlar miqdori keskin ortdi – 49,47 mingdan 59,67 ming kishigacha, buning oqibatida quturishga qarshi emlashga ajratiladigan mablag‘lar hajmi 1,1 mlrd.dan 7 mlrd. so‘mgacha oshirildi.

Eng ko‘p hayvonlarning tishlashi holati Toshkent viloyati aholisi bilan sodir bo‘ldi, bu yerda 8059ta hodisa qayd etilgan. Keyingi o‘rinlarda Surxondaryo (6594), Buxoro (5688) viloyatlari va Toshkent (5252) joylashgan. Eng kam shunday holat – Navoiy viloyatida qayd etilgan (2708).

Hayvonlar tomonidan tishlash holatlarining 87,2 foiz yoki 51,95 mingtasi itlar hamda 6,8 foizi mushuklarga to‘g‘ri keladi. Hodisalarning bir qismi boshqa uy hayvonlari, kemiruvchilar va yovvoyi hayvonlar bilan sodir bo‘lgan.

O‘tkazilgan tadbirlar davomida it saqlash qoidalarini buzgan 145 nafar fuqarolarga ma'muriy bayonnomalar tuzilib, qoidabuzarlik ishlari sudga oshirilgan hamda 7,12 mln so‘m miqdorida jarima undirilgan.

Oy davomida 266,47 mingta xonadonlar uyma-uy yurish orqali o‘rganib chiqildi, shu bilan bir qatorda, 2940ta ta'lim muassasalarida hamda 4783ta tashkilot va muassasalarda mavzuga oid darslar va seminarlar tashkil etildi. Quturish mavzusiga oid 38ta tele hamda 197ta radiodastur efirga uzatildi.

Top