11:36 / 27.02.2017
10661

«Oy shul'asi» «La-La Lend»ga qarshi: «Oskar» taqdimoti yakunida juda noqulay vaziyat

AQShning Kaliforniya shtati Los-Anjyeles shahrida Amerika kino san'ati akademiyasi mukofotlarini topshirish bo‘yicha 89-marosim bo‘lib o‘tdi.

Marosimning final qismida, yilning eng yaxshi filmini aniqlash vaqtida noqulay vaziyat yuzaga keldi.

Avvaliga 14ta yo‘nalish bo‘yicha «Oskar»ga da'vogarlik qilgan «La-La Lend» filmi eng yaxshi film sifatida e'lon qilindi. Ushbu filmning ijodiy guruhi sahnaga chiqib kelib, minnatdorchilik so‘zlari ayta boshlaganida, tashkilotchilar vakillari sahnaga chiqib, xatolik ro‘y bergani, yilning eng yaxshi filmi «La-La Lend» emas, aslida «Oy shul'asi» ekani aytildi.

«Bu hazil emas. Yilning eng yaxshi kartinasi «Oy shul'asi» bo‘ldi», degan tashkilotchilar vakili.

Bir necha daqiqa davomida sahnada noqulay vaziyat hukm surdi. Ko‘pchilik nima qilarini bilmay qoldi.

«Nima bo‘lganini aniq bilmayman, ammo aybni o‘z zimmamga olaman. Bundan keyin boshlovchilik qilmaslikka va'da beraman!», - dedi marosimda boshlovchilik qilgan qiziqchi Jimmi Kimmel.

«Men konvertni ochdim — u yerda Emma Stoun va «La-La Lend» yozuvlari bor edi», — dedi g‘olib nomini xatolik bilan e'lon qilgan aktyor Uorren Bitti. Konvertni ochgan aktyor g‘olibni e'lon qilishda taraddudlanib qolgandi, buni auditoriyadagilar asablarni sinash sifatida qabul qilingandi.

Eng yaxshi film nomi e'lon qilinishidan oldin «La-La Lend» filmida bosh rolni ijro etgan Emma Stoun yilning eng yaxshi aktrisasi sifatida «Oskar» g‘olibi deb e'lon qilingandi, shu tufayli uning nomi yozilgan qog‘oz sahnaga takroran jo‘natilgani ma'lum bo‘ldi.

Bu vaqtda esa auditoriyadagilar noroziliklarini bildira boshlashdi, xususan aktyor Mett Deymon ikki barmog‘ini og‘ziga solib, hushtak chala boshladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda esa bu xatolik qizg‘in muhokama qilina boshlandi. 

«Balki bu rossiyalik xakerlarning ishidir», deyiladi fikrlardan birida.

«Bu taqdimot finali keyingi «Oskar» mukofoti uchun eng yaxshi ssenariy yo‘nalishida g‘oliblikka da'vogarlik qila oladi», fikri ham aytildi. 

Mavzuga oid
Top