14:56 / 28.02.2017
10119

Afg‘onistonda politsiyachi 11 nafar hamkasbini otib o‘ldirdi

Afg‘onistonning Hilmond viloyatida kamida 11 nafar politsiyachi o‘z hamkasbi tomonidan otib o‘ldirildi. Bu haqda Associated Press viloyat gubernatori matbuot xizmatiga asosan xabar bermoqda.

Hodisa Lashkargoh shahridagi nazorat-o‘tkazish punktida sodir bo‘ldi, u yerda politsiyachi qurolini hamkasblariga o‘qtalib, ularni otib tashlagan.

Ta'kidlanishicha, shundan so‘ng jinoyatchi barcha qurol-yarog‘larni yig‘ib olib, hodisa joyini politsiya mashinasida tark etgan. Gubernator vakili ma'lumotiga ko‘ra, u “Tolibon” jangarilari yoniga ketgan.

Khaama Press agentligining mahalliy xavfsizlik organidagi manbasiga ko‘ra, hujum politsiya xizmatida bo‘lgan “Tolibon” harakati vakili tomonidan amalga oshirilgan. 

Avvalroq Afg‘oniston sharqida yuz bergan portlash oqibatida tinch aholi vakilining 10 nafari halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi.

Top