10:49 / 02.03.2017
37108

AQShning 2017 yildagi eng yaxshi avtomobillari nomlari e'lon qilindi

AQShda chop etiluvchi nufuzli Consumer Reports nashri 2017 model yilining 10 ta segmentdagi eng yaxshi avtomobillar nomlarini e'lon qildi. Mashinalar nashrning sinovlari, ishonchlilik reytingi, xavfsizlik ko‘rsatkichlari va mashina egalarining fikrlari asosida tanlangan. Nashr 2014 model yilidan boshlab 300 mingdan ko‘proq mashina egalarining fikrini o‘rgangan.

Toyota Yaris iA subkompakt avtomobili 

Mazda kompaniyasi tomonidan yaratilgan hamda AQShda Scion markasi ostida sotilgan hamda Mazda bozordan ketgandan keyin "Toyota"ga aylangan avtomobil yuqori ishonchlilik darajasiga ega va haydovchilar u haqda yaxshi fikr bildirganlar. Nashr ushbu avtomobilni arzon sedanlar orasida eng yaxshi mashinalardan biri deb topdi. 

Chevrolet Cruze ixcham avtomobil

Nashr muharrirlarining ta'kidlashlaricha, yangi Cruze ushbu segmentda mutaxassislar tomonidan eng yuqori baholangan mashinalardan biri va u Honda Civic hamda Toyota Corolla bilan raqobatlasha oladi.

Toyota Prius ixcham gibrid

Nashrda ta'kidlanishicha, "Prius" yuqori ishonchlilik darajasiga ega va haydovchilar u haqda juda ijobiy fikrlar bildirishgan. Mashina egalaridan ko‘pchiligi bu modelni keyingi xarid qiladigan mashinasi sifatida yana tanlagan bo‘lishlarini aytishgan.

Mazda MX-5 sportkar

Haydovchilarning ijobiy fikrlari, oson boshqaruvchanlik va tejamkorlik bu rodsterga 2017 yilning eng yaxshi mashinalari reytingida o‘rinni ta'minlagan.

Kia Optima o‘rta o‘lchamli sedani

Consumer Reports’da model yuqori ishonchlilik ko‘rsatkichlari, haydovchilarning ijobiy fikrlari va nashr mutaxassislarining eng yuqori baholariga egaligi aytilgan.

Chevrolet Impala katta o‘lchamli sedani

Nashr mutaxassislari "Impala"ning shinam saloni, yaxshi rul boshqaruvi, katta yukxonasi va hamyonbop narxini qayd qilib o‘tishgan. Mashinaning faqatgina ishonchlilik ko‘rsatkichlari o‘rtamiyona deb topilgan.

Subaru Forester ixcham yo‘ltanlamas

Modelning ishonchlilik ko‘rsatkichlari o‘rtadan yuqori darajaga ega, haydovchilar esa yangi mashina sotib olishda Forester’ni xarid qilish haqida o‘ylab ko‘rishlarini aytishgan. Bundan tashqari, mutaxassislar mashinaning shinam saloni, avtomobilga kirish-chiqishning qulayligi va tejamkor dvigatellarini qayd qilib o‘tishgan. 

Toyota Highlander o‘rta o‘lchamli yo‘ltanlamas

Prius kabi bu yo‘ltanlamas ham turli reytinglardan o‘rin olib keladi. 8 diapazonli avtomat uzatmalar qutisi bilan jihozlangan yangi Highlander ham Consumer Reports tomonidan yuqori baholangan.

Audi Q7 premial yo‘ltanlamas

Nashrda ta'kidlanishicha, Q7 u tomondan sinalgan barcha yo‘ltanlamaslar orasida eng yuqori bahoni olgan. Avtomobilning ishonchlilik ko‘rsatkichlari va haydovchilarning u haqdagi fikrlari borasida ham shunday deyish mumkin.

Honda Ridgeline ixcham pikap

Nashr mutaxassislarining fikricha, bu pikap katta va og‘ir tirkamalarni shatakka olishga yoki juda yomon yo‘llar bo‘ylab yurishga yaramaydi. Biroq bu mashina biznesi hamda goh-gohida tabiat qo‘yniga chiqmoqchi bo‘lganlar va shu bilan birga uncha katta pikapni istamaydiganlar uchun eng yaxshi pikaplardan biriga aylangan.

Top