16:03 / 02.03.2017
65969

Toshkentda 5 nafar maktab o‘quvchisi “o‘lim guruhi”dan saqlab qolindi

Toshkent shahrida huquq-tartibot organlari vakillari yakuniy maqsadi o‘z joniga suiqasd qilish bo‘lgan “ko‘k kit” o‘yinida 15-darajaga o‘tgan besh nafar maktab o‘quvchisini “o‘lim guruhi”dan saqlab qoldi. Bu haqda poytaxt IIBB vakili “Toshkent” telekanalining “Poytaxt” axborot dasturiga bergan intervyusida aytib o‘tgan. 

"Pravda Vostoka" nashrining xabar berishicha, huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari, pedagoglar, ruhshunoslar barcha ta'lim muassasalari, mahallalarda profilaktik tadbirlar o‘tkazib, bolalarning internetga erkin kirishi masalasiga asosiy e'tiborni qaratishmoqda. Virtual kenglikni nazorat qilish juda qiyin bo‘lib, ota-onalar aksariyat hollarda farzandlari qaysi saytga kirishini bilishmaydi ham. Masalan, so‘nggi oylar davomida “Ko‘k kit” o‘yiniga qiziqish kuchaydi. Uning turli nomlanishlari ham bor – “Meni 4.20da uyg‘ot”, “Feya” hamda boshqalar. Biroq ulardagi mohiyat bir xilda. Bola yoki o‘smir unda ishtirok etishga rozi bo‘lishi bilan unga turli topshiriqlar berila boshlanadi. Avvaliga ular oddiy va xavfsizdek tuyuladi. Kit yoki karkidonning suratini chizish, tong otayotgan paytda turish va bunga o‘xshash topshiriqlar berilib, ular daraja sayin qiyinlashib boradi. Bolalardan gazni yoqish va uxlashga yotish yoki tez harakatlanayotgan transport oldidan yugurib o‘tish so‘raladi. 

Joylarda o‘smirlarni bunday xatarli “o‘yin”lardan saqlab qolish uchun bir qator tadbirlar o‘tkazilmoqda. Xususan, ruhshunoslarning nafaqat bolalar, balki ota-onalar bilan ishlashi ham faollashdi. Ko‘p holatlarda o‘smirning noto‘g‘ri yo‘lga qadam bosishiga yaqinlari uni tushunmasliklari turtki bo‘lib xizmat qiladi.

Top