21:45 / 02.03.2017
7056

O‘zbekiston va General Electric o‘z hamkorligini mahsulotlarni mahalliylashtirish bilan mustahkamlaydi

Foto: The Moscow Times Ronald Jyeyms Pollett.

O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi o‘zaro savdo aylanmasi yil sayin oshib bormoqda. O‘zbekistonda AQSh sarmoyadorlari bilan hamkorlikda tuzilgan bir necha qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmoqda, AQSh firma va kompaniyalari mamlakatda vakolatxonalarini ochgan. Ular avtomobilsozlik, neft-kimyo, to‘qimachilik va yengil sanoat, oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish, savdo va xizmat ko‘rsatish kabi sohalarga ixtisoslashgan.

AQShning General Electric kompaniyasi ana shunday ishonchli hamkorlardan biri. Ushbu kompaniya vitse-prezidenti Ronald Jyeyms Pollet O‘zbekistonda chet ellik sarmoyadorlar uchun yaratilgan sharoitlar, General Electric kompaniyasining O‘zbekiston bilan hamkorlikdagi loyihalari haqida quyidagilarni so‘zlab berdi: 

– O‘zbekiston tez sur'atlar bilan rivojlanib borayotgan davlatlar qatoriga kiradi. Mamlakatingizda qabul qilingan taraqqiyotning kelgusi besh yilga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasida iqtisodiy samaradorlikni keskin oshirish, barcha sohani modernizatsiya qilish va erkinlashtirish qatorida xorijiy investorlar bilan samarali hamkorlikni yanada rivojlantirish ham ko‘zda tutilgani chet ellik sheriklarni quvontirmoqda. 

O‘zbekiston bozorida General Electric kompaniyasi faoliyat boshlaganiga 10 yildan oshdi. O‘zbekistonlik sheriklarimiz bilan aviatsiya, neft-gaz, elektr energetika, sog‘liqni saqlash, transport va boshqa sohalarda muvaffaqiyatli hamkorlik qilib kelmoqdamiz.

«O‘zbekneftgaz» kompaniyasi bilan energetika sohasida modernizatsiya ishlarida qatnashmoqdamiz. Soha mutaxassislarining chet elda malaka oshirishini tashkil etmoqdamiz.

Hamkorligimizni yanada rivojlantirish mahsulotlarni mahalliylashtirishni taqozo etmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan suhbatda bu masalaga alohida e'tibor qaratildi.

O‘zaro hamkorligimiz sur'atidan mamnunmiz. O‘zbekistonning turli vazirlik va idoralari bilan memorandum imzoladik. Ushbu hujjatga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi va General Electric kompaniyasi hamkorligida amalga oshiriladigan istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruhi tuzildi.

Biz O‘zbekiston bilan hamkorligimizni izchil rivojlantirish tarafdorimiz. Binobarin, bu hamkorlikdan ikki tomon ham birdek manfaatdor.

Top