18:19 / 03.03.2017
15125

Davlat bojxona qo‘mitasi tizimida korrupsiyaga qarshi qanday kurashilmoqda?

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik va jismoniy shaxslarga keng yo‘l ochib berish maqsadida olib borilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta'minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-4848-sonli Farmoni talablarini keng aholiga va bojxona xodimlariga batafsil yetkazish maqsadida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda, deb xabar beradi Toshkent shahar bojxona boshqarmasi. 

Xususan, joriy yilning fevral oyida boshqarmaning barcha tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlarida Toshkent shahar prokuraturasi bilan hamkorlikda tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari bilan ochiq muloqotlar tashkil etildi. 

Yig‘ilishlarda asosiy e'tibor kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning jadal rivojlanishini ta'minlash, xususiy mulkni himoya qilish va uning daxlsizligi kafolatlarining huquqiy mexanizmlarini yanada mustahkamlash, tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, respublikada investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash borasida olib borilayotgan chora-tadbirlarga qaratildi.

Uchrashuvlarda bojxonachilarga Farmon talablaridan kelib chiquvchi vazifalarga sidqidildan yondashish, shu orqali davlat iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishga hissa qo‘shish, poraxo‘rlik va ta'magirlikka yo‘l qo‘ymaslik kabi dolzarb masalalar keng muhokama qilindi.

Bugungi kunda mamlakatda huquqiy demokratik davlatni barpo etish sharoitida korrupsiya kabi salbiy ijtimoiy voqelikning oldini olish va unga qarshi kurash muhim vazifalardan biri hisoblanadi. 

Respublikada shu yilning 3 yanvarida qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonun bilan milliy qonun hujjatlarga xalqaro huquqning umume'tirof etilgan me'yorlari yana bir bor singdirildi.

Mazkur qonun korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishni, korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni aniqlash, ularga chek qo‘yish, javobgarlikning muqarrarligi prinsiplarini o‘z ichiga qamrab olgan.

“Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablarini amaliyotga tatbiq etish, jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy  yil 2 fevraldagi PQ-2752 son Qarori bilan 2017-2018 yillarga mo‘ljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturi tasdiqlandi hamda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlarning amalga oshiradigan vazifalari  belgilab berildi. 

Davlat bojxona qo‘mitasi tizimida korrupsiya, poraxo‘rlik va boshqa salbiy illatlarga qarshi kurashish hamda uni oldini olish maqsadida Bojxona organlarining o‘z xavfsizligi boshqarmasi va uning joylardagi tuzilmalari tashkil etilgan.

Ta'kidlash joizki, Toshkent shahar bojxona boshqarmasining Bojxona organlarining o‘z xavfsizligi guruhi tomonidan 2016 yil davomida boshqarmada xizmatni olib borayotgan xodimlar bilan 60 marotaba profilaktik suhbatlar, 80 ga yaqin  yig‘ilish va uchrashuvlar o‘tkazilgan. Ushbu tadbirlarga bojxona xodimlarining ota-onalari va oila a'zolarini ham jalb qilishga alohida e'tibor qaratilmoqda. 

Toshkent shahar bojxona boshqarmasida uzluksiz faoliyat yurituvchi “Ishonch telefoni” 120-76-71 joriy qilingan bo‘lib, u orqali fuqarolar bojxona qonunchiligi buzilishiga doir holatlar yoki bojxona xodimlarining noqonuniy harakatlari yuzasidan xabar berishlari mumkin.

Top