18:25 / 03.03.2017
5694

Davlat raqobat qo‘mitasi raisi Fransiya rivojlantirish agentligi vakillari bilan uchrashdi

Joriy yilning 2 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Davlat raqobat qo‘mitasi raisi Davron Xidoyatov Fransiya rivojlantirish agentligi vakillari bilan uchrashdi. Bu haqda Davlat raqobat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda respublikada agrar islohotlarni o‘tkazish, mahalliy va eksportga yo‘naltirilgan qishloq xo‘jalik mahsulotlari bozorini tarkiblashtirish, qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya qilish strategiyasini ishlab chiqish hamda uni bosqichma–bosqich erkinlashtirish va raqobatbardoshligini oshirish masalalari muhokama qilindi. Fransiya rivojlantirish agentligining Toshkentdagi byurosi rahbari janob Rafael Jozan ko‘rsatilgan e'tibor uchun o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

Bo‘lib o‘tgan muloqotda mamlakatda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, shu jumladan bog‘ maydonlari hajmlarini ko‘paytirish, muzlatish kameralari quvvatlarini oshirish, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlashni yanada takomillashtirish borasida erishilgan natijalar bilan bir qatorda ushbu sohani yanada rivojlantirishning dolzarb yo‘nalishlari qayd etildi.

Xususan, o‘zaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, logistik zanjir tizimini takomillashtirish, manzilli marketing va eksport siyosatini ishlab chiqish har ikkala tomonning istiqboldagi o‘zaro hamkorlik yo‘nalishi ekanligi ta'kidlandi.

Fransiya rivojlantirish agentligi ekspertlari ushbu yo‘nalishda ustuvor vazifalar qatoriga eksport faoliyatini muvofiqlashtirish hamda institutsional va infratuzilmaviy masalalarni kompleks hal etish zarurligini e'tirof etdilar. Fransiyaning qishloq xo‘jaligini rivojlantirish sohasida to‘plagan boy tajribasi hamda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning raqobatbardoshligini hisobga olgan holda tomonlar ushbu yo‘nalishda hamkorlik qilishni yangi pallasiga o‘tishdan manfaatdor ekanliklarini izhor etdilar.

Uchrashuvda shuningdek monopoliyaga qarshi tartibga solish qonunchiligi va professional salohiyatni rivojlantirish borasida hamda iqtisodiyot tarmoqlarida raqobat holatini o‘rganish sohasida Fransiyaning raqobatni rivojlantirish davlat organi bilan hamkorlik o‘rnatish masalasi ham ko‘rib chiqildi. 

Uchrashuv yakunida tomonlar respublikada agro-logistika markazlarini tashkil etish xohishi bo‘lgan tadbirkor va fermerlar uchun Fransiyaning ulgurji-taqsimot markazlari faoliyati bilan yaqindan tanishishi maqsadida tanishuv safarlarini uyushtirishga kelishib olindi.

Top