23:52 / 03.03.2017
19547

Xabib Nurmagomedov Fergyuson bilan jangiga bir kun qolganda shifoxonaga tushib qoldi

Foto: AP

Rossiyalik aralash uslub (MMA) jangchisi Xabib Nurmagomedov Mutlaq jangchilik chempionati (UFC)ning amerikalik Toni Fergyusonga qarshi jangi oldidan vazn o‘lchashga 3 soat qolganda Las-Vegasdagi shifoxonalardan biriga tushib qoldi.

Bu haqda sportchining otasi va murabbiyi Abdulmannop Nurmagomedov ma'lum qilgan. 

Jang 5 mart, yakshanbaga o‘tar kechasi Las-Vegasda UFC 209 musobaqasi doirasida o‘tkazilishi belgilangan. Nurmagomedov va Fergyuson yengil vazn toifasidagi "vaqtinchalik" chempion unvoni uchun jang qilishi kerak edi. 

Dastlab sportchining otasi Xabibning jigari yoki buyraklari bilan muammo bo‘lishi mumkinligini aytgan, keyinroq uning o‘zini yomon his qilishiga vaznini jadal tashlashi sabab bo‘lganini ma'lum qilgan. Vazn o‘lchash kuni Xabib 3 kg vazn tashlashi kerak bo‘lgan. Jangchi vazn tashlash jarayonida jigari sohasida keskin og‘riqlar sezgandan keyin shifoxonaga yetkazilgan.

28 yoshli Nurmagomedov hozircha mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelmoqda, uning hisobida 24 ta g‘alaba bor. Xabibning 32 yoshli raqibi Fergyuson hisobida esa 22 ta g‘alaba va 3 ta mag‘lubiyat bor. Ular o‘rtasidagi jang g‘olibi o‘rta vaznda amaldagi chempion, irlandiyalik Konor Makgregor bilan jang qilish huquqini qo‘lga kiritadi.

Mavzuga oid
Top