13:38 / 04.03.2017
5832

Afg‘onistonda havo hujumlari oqibatida tinch aholi vakillari halok bo‘ldi

Foto: AP

Afg‘onistonning g‘arbiy qismida aviazarbalar natijasida kamida 9 nafar tinch aholi vakili halok bo‘ldi, 20ga yaqin inson jarohatlandi. Bu haqda Pajvak agentligi tibbiyot xodimlariga asosan xabar berdi.

Hodisa Farax viloyatidagi Bola Buluk okrugida juma kuni yuz bergan. Mahalliy shifoxona vakilining xabar berishicha, bolalar halok bo‘lgan, jarohatlanganlar orasida ayollar bor, ularning ahvoli ancha og‘ir.

Mahalliy gubernator o‘rinbosari Muhammad Yunus Rasuli esa halok bo‘lganlar bo‘yicha umuman boshqa ma'lumotlarni keltirgan, u to‘rt qurbon va besh jarohatlangan inson haqida xabar qildi. Biroq u zarbalar aynan kim tomonidan berilganiga oydinlik kiritmadi. Agentlikning Twitter’da yozishicha, zarba afg‘on harbiylari tomonidan amalga oshirilgan.

"Hodisa juma kuni ro‘y berdi. “Tolibon” harakati to‘qnashuvlar vaqtida o‘zini himoya qilish maqsadida fuqarolardan qalqon sifatida foydalandi", - deya ma'lum qildi Rasuli. Uning ta'kidlashicha, oxirgi uch kun davomida xavfsizlik kuchlari viloyatda keng ko‘lamli amaliyot o‘tkazgan.

Hodisa oqibatida jabrlangan Ahmad Shoh agentlikka batafsil ma'lumotlar berdi. "Biz Jar Oxund tumaniga yetganimizda ikkita vertolyot keldi, biz mashinadan barcha ayollarni chiqardik, bu oddiy fuqarolar ekanligimizni ko‘rsatish maqsadida qilindi, biroq ular bizga qarata o‘t ochishdi", - deya xabar berdi u.

Ma'lumot uchun, Afg‘onistondagi vaziyat so‘nggi oylarda sezilarli yomonlashdi. Ilgari mamlakatning qishloq joylarida katta hududlarni egallab olgan “Tolibon” radikal harakati yirik shaharlarga hujum boshladi. Bundan tashqari, mamlakat hududida o‘tgan yilga nisbatan IShID guruhining ta'siri o‘n martaga oshdi.

Top