07:25 / 05.03.2017
9198

Seulda millionga yaqin odam prezidentga qarshi namoyishga chiqdi

4 fevralda Janubiy Koreyada mamlakat prezidenti Pak Kin Xening iste'fosi talab qilingan ommaviy namoyish bo‘lib o‘tdi.

Namoyish tashkilotchilarining ma'lumotlariga ko‘ra, Seul markazida ketma-ket 18-shanba o‘tkazilayotgan bu namoyishda millionga yaqin odam ishtirok etgan.

Kvanxvamun maydonida yig‘ilganlar konstitutsion sudni Pak Kin Xening iste'fosi bo‘yicha ishni cho‘zmay, uni 13 mart kunigacha tasdiqlashga chaqirishdi. Aynan shu kuni konstitutsion sud raisining vakolatlari muddati tugaydi.

Shu bilan birga Seulda prezident tarafdorlarining ham namoyishi bo‘lib o‘tgan. Bu yerdagi namoyishchilar impichmentni bekor qilishni va Pak Kin Xeni hokimiyatga qaytarishni talab qilishgan. Ularning fikricha, Pak Kin Xe iste'fosi ortida Shimoliy Koreya maxsus xizmatlari va Janubiy Koreyadagi "kommunistik unsurlar" turibdi. Bu namoyishda qancha odam ishtirok etgani haqida ma'lumot berilmagan.  

O‘tgan yil dekabrida Janubiy Koreya parlamenti deputatlari korrupsiya va hokimiyatni suiste'mol qilishda ayblangan Pak Kin Xe impichmentiga ovoz berishgandi. Endi impichmentni konstitutsion sud tasdiqlashi yoki rad etishi kerak. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, sud o‘z qarorini 10 yoki 13 martda ovoza qilishi mumkin. 

Top