09:57 / 05.03.2017
19432

Toshkentda seyfdan 5 million so‘m va 5 ming dollarni o‘margan shaxs qo‘lga olindi

Toshkent shahar Uchtepa tumanida noma'lum shaxs 1965 yilda tug‘ilgan ayolning uyiga deraza orqali kirib, yotoqxonasidagi temir seyfni buzib ochib, ichidan zargarlik buyumlarini, 5 000 000 so‘m puli va 5 000 AQSh dollarini o‘g‘irlab ketgan. Bu haqda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida ushbu jinoyatni Toshkent shahar Shayxontohur tumanida yashovchi 1995 yilda tug‘ilgan shaxs sodir etganligi aniqlanib, qo‘lga olindi. 

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top