12:57 / 06.03.2017
17146

Shavkat Mirziyoyev ichimlik suvi bilan ta'minlash muammolarini o‘rganish vazifasini topshirdi

O‘zbekiston yaqin besh yilda aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta'minlashni yaxshilash bilan jiddiy ravishda shug‘ullanishni rejalashtirmoqda. Buning uchun mutaxassislar 2017-2021 yillarda yer osti chuchuk suv zaxiralarini nazorat qilish, hisobga olish va samarali foydalanishni tartibga solish bo‘yicha choralar majmuini ishlab chiqishdi. Uni Davlat rahbarining maxsus qarori bilan tasdiqlash kutilmoqda, deb xabar qiladi Sputnik O‘zbekiston. 

Mahalliy ekspertlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, so‘nggi 40-50 yil davomida sanoat va qishloq xo‘jaligining jadal rivojlanishi yer osti chuchuk suvlari holatiga salbiy ta'sir ko‘rsatgan. Bu suv zaxirasining 35 foizga kamayishiga olib kelgan. Bunga ruxsat berilmagan suv burg‘ularini o‘rnatish ham sabab bo‘lgan. 

O‘zbekiston Geologiya va mineral zaxiralar davlat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan inventarizatsiyaning ko‘rsatishicha, bugungi kunda amalda bo‘lgan 7513ta suv burg‘usidan 4676tasi yer osti suvidan foydalanish bo‘yicha maxsus ruxsatnomasiz ishlamoqda. Ayrim shahar va shahar qo‘rg‘onlarida gidrogeologik tadqiqotlar va meliorativ tizimlarining qoniqarsiz ahvoldaligi tufayli yer osti suvlari sathi ko‘tarilishi bilan bog‘liq suv bosish hollari kuzatilmoqda. Bunda yer osti suvlarini nazorat qilish imkonini beruvchi 1465ta kuzatuv burg‘usidan iborat tizim salbiy jarayonlarni o‘z vaqtida aniqlash imkonini bermaydi. 

Mutaxassislar, shuningdek, qo‘shni mamlakatlar bilan chegaradosh hududlardagi yer osti chuchuk suv zaxiralarining ifloslanishi bo‘yicha jiddiy xavf mavjud, degan fikrdalar. Bunga qo‘shni mamlakatlardagi sobiq tog‘-kon sanoati korxonalari chiqargan chiqindilar ham sabab bo‘lishi mumkin. 

Ayrim mintaqalarda, ichimlik suvi tanqisligiga qarshi kurashish maqsadida sanoat miqyosida suvni chuchuklashtirish qurilmalaridan yetarli darajada foydalanilmayotgani ta'kidlanadi. Bu kabi asbob-uskunalarni respublika hududida ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha choralar mavjud emas. 

Yangi qaror loyihasi aynan ushbu sohadagi vaziyatni ijobiy o‘zgartirishga qaratilgan. Xususan, 2017 yil 1 iyulidan shunday tartib joriy qilish rejalashtirilganki, unga binoan suv burg‘ularini o‘rnatish ishlari faqatgina Davlat geologiya qo‘mitasining joylardagi gidrogeologiya korxonalari tomonidan amalga oshiriladi, ruxsatnomani esa qo‘mitaning markaziy organlari beradi. Qonunga zid ravishda o‘rnatilgan burg‘ular qoidabuzar hisobidan belgilangan tartibda yo‘q qilinadi. Qoidabuzarlar javobgarlikka tortiladi. 

Shu bilan birga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlari hokimliklari 2017 yil oxirigacha mahalliy chuchuklashtirish tizimlarining faoliyatini o‘rganib chiqadi. Hujjat loyihasida kadrlar masalasiga ham e'tibor qaratilgan. Unda Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutida meliorativ gidrogeologiya mutaxassislari tayyorlanadi. Bundan tashqari, gidrogeologiya va geologiya muhandisligi instituti negizida "Meliorativ gidrogeologiya" ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi tashkil etiladi. 

Top