10:32 / 06.03.2017
39022

Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonga yetib bordi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning taklifiga binoan 6 mart kuni davlat tashrifi bilan Turkmanistonga keldi. 

O‘zA xabariga ko‘ra, Ashxobod xalqaro aeroportida oliy martabali mehmon sharafiga O‘zbekiston va Turkmaniston davlat bayroqlari ko‘tarildi, faxriy qorovul saf tortdi. 

O‘zbekiston delegatsiyasi o‘zi uchun ajratilgan «O‘g‘uzxon» qarorgohiga yo‘l olgan. 

Xabarda Turkmanistonda Shavkat Mirziyoyev tashrifiga katta tayyorgarlik ko‘rilgani qayd etilgan. Shahar ko‘chalari ikki mamlakat davlat bayroqlari, o‘zbek va turkman tillaridagi qutlov so‘zlari bilan bezatilgan. 

Dasturdan ikki tomonlama muzokaralar, madaniy tadbirlar o‘rin olgan. Tashrif yakunlari bo‘yicha ikki davlat prezidentlarining Qo‘shma bayonoti, Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma, shuningdek, turli sohalardagi o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga doir qator hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan.

Tashrifning birinchi kunida O‘zbekiston va Turkmaniston prezidentlari Axaltekin ot majmuasida bo‘lishadi. Turkman ana'nalariga muvofiq, mamlakatga tashrif buyurgan yuqori martabali mehmonga bu yerda parvarishlanayotgan tulporlar va chavandozlar chiqishi namoyish etiladi.

Davlat rahbarlari 7 mart kuni Turkmanistonning Lebap viloyatiga tashrif buyurishadi. U yerda Turkmanobod-Forob avtomobil va temir yo‘l ko‘prigining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. 

Top