20:58 / 08.03.2017
17426

Qozog‘istonda muz ostiga tushib ketgan bola 3 kundan beri qidirilmoqda

Sharqiy Qozog‘iston viloyatidagi Semey shahrida 3 kundan beri muz ostiga tushib ketgan 10 yoshli bola qidirilmoqda, deb ma'lum qildi nur.kz.

Fojia Semipalatinsk irmog‘ida 5 mart kuni yuz bergan. Ikki bola muz ustida o‘ynayotganda, bir bola o‘yinga berilib ketib, yupqa muz qatlamini bosib olgan. Muz yorilib, bola suvga tushib ketgan. Ikkinchi bola esa kattalarni yordamga chaqirishga yugurib ketgan. Biroq kattalar yetib kelguncha bola cho‘kib ketgan. 

Ta'kidlanishicha, irmoqning oqim tezligi soniyasiga 2 metrdan ko‘proqni tashkil qiladigan ba'zi joylarida g‘avvoslarning suvga tushishining imkoni yo‘q. Shu sababli mutaxassislar suv osti videokamerasidan foydalanishmoqda. Bu kameraning minimal ko‘rish radiusi 3 metrni tashkil qiladi. 

Oqim mavjud bo‘lmagan joylarda g‘avvoslar suvga sho‘ng‘ib, hududni tekshirishmoqda. Ayni vaqtda qutqaruvchilar oqim bo‘yicha 2 kilometr pastga ketishgan. Vaziyat bola qishki kiyimda bo‘lgani bilan murakkablashgan, chunki kuchli oqim vaqtida bola noma'lum masofaga olib ketilgan bo‘lishi mumkin.

Bolani qidirish operatsiyasiga 8 mutaxassis jalb qilingan. Ularga yana 9 nafar ko‘ngilli yordam ko‘rsatmoqda. Qutqaruvchilar ko‘ngillilarning xavfsizligidan ham xavotirdalar va ularga xavfsizlik qoidalariga amal qilishni tavsiya qilishmoqda. 

Mavzuga oid
Top