08:58 / 08.03.2017
190075

O‘zbekiston eng boy va eng qashshoq mamlakatlari reytingida nechanchi o‘rinda?

Amerikaning Global Finance iqtisodiy jurnali boy va qashshoq mamlakatlar an'anaviy reytingini e'lon qildi. Tahlilchilar tomonidan  189 davlat ko‘rsatkichlari inobatga olingan ro‘yxatda O‘zbekistonga 127-o‘rin munosib ko‘rilgan. Unga binoan, O‘zbekistonning har bir fuqarosiga 6452 dollar to‘g‘ri keladi. Undan oldin turgan Hindistonning bu boradagi ko‘rsatkichi 6658 dollar, keyingi o‘rindagi Vetnamning har bir fuqarosi ulushi 6421 dollardir. 

Ta'kidlash joizki, jurnal tahririyati reytingni tuzishda Jahon banki va Xalqaro valyuta fondining ochiq ma'lumotlaridan foydalangan. Reytingni tuzishda asos qilib aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YaIM (yalpi ichki mahsulot)ning xarid qobiliyati tengligi bo‘yicha qayta hissoblangan natijasi olingan. 

Reytingga ko‘ra, MDH mamlakatlari orasida eng yuqori natija Rossiyaga tegishli bo‘lib, u aholi jon boshiga 26,109 dollarlik ko‘rsatkich bilan 52-o‘rinda. Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida eng badavlat deb topilgan (54-o‘rin) Qozog‘istonning har bir fuqarosiga bir yilda 25,670 dollar to‘g‘ri keladi. Turkmaniston 17,4 ming dollar bilan 73, Qirg‘iziston 3467 dollar bilan 148, Tojikiston 2982 dollar bilan 157-o‘rinda joylashgan. 

Dunyoning eng boy davlatlari o‘ntaligi — Qatar, Lyuksemburg, Makao, Singapur, Bruney, Kuvayt, Irlandiya, Norvegiya, BAA va San-Marino ekanligi qayd etilgan.

Dunyoning eng qashshoq 10 mamlakatini esa, asosan, Afrika mamlakatlari tashkil etgan. Bular — Markaziy Afrika Respublikasi, Kongo Demokratik Respublikasi, Burundi, Liberiya, Niger, Malavi, Mozambik, Gvineya, Eritreya, Madagaskar va Komor orollaridir.

 

Top