22:43 / 09.03.2017
12724

Jizzaxda ishsiz aliment to‘lovchilar masalasi ijobiy hal etildi

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 64-moddasida Ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburliklari belgilab qo‘yilgan.

Sud departamentining Jizzax viloyat hududiy boshqarmasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi orqali 860 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan 468 tasi farzandlariga aliment va moddiy ta'minot undirish haqidagi murojaatlarni tashkil etgan.

Alimentdan qarzdor bo‘lgan shaxslarning ko‘pchiligi hozirgi kunda vaqtincha ishsiz bo‘lib, buning oqibatida qarzdorliklar keskin ortib bormoqda va murojaat mualliflarining haqli e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Bu boradagi murojaatlar sonini kamaytirish, ishsiz yurgan aliment to‘lovchilarni ishga joylashtirish, voyaga yetmagan va mehnatga layoqatsiz farzandlarga aliment va moddiy ta'minot pullarini o‘z vaqtida undirib borilishini ta'minlash maqsadida Sud departamentining Jizzax viloyat hududiy boshqarmasi majlislar zalida hududiy boshqarma, Jizzax shahar prokuraturasi, Jizzax shahar Bandlikka ko‘maklashish markazi xodimlari, sud ijrochilari va aliment to‘lovchilar hamda mahalla faollari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Jizzax shahar Bandlikka ko‘maklashish markazi direktori Sherzod Murodov tomonidan hududdagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqida to‘liq ma'lumotlar berildi, ishlash istagi mavjud bo‘lgan shaxslarga ishlashi uchun yo‘llanmalar berilishi ta'minlandi.

Tadbir davomida, Sud departamentining Jizzax viloyat hududiy boshqarmasi Tashkiliy-nazorat va tahlil bo‘limi boshlig‘i Otabek Hamraqulov so‘zga chiqib, aliment undirish tartibi, ushbu turdagi to‘lovlar majburiy hisoblanishi, aliment to‘lamagan shaxslarga nisbatan jinoiy javobgarlik belgilanganligi, ularga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqish huquqlari vaqtincha cheklanishi hamda boshqa masalalar yuzasidan ma'ruza qildi. Shuningdek, ishtirokchilarning qiziqtirgan barcha savollarga javob qaytardi.

Bundan tashqari, Jizzax shahar prokurori o‘rinbosari Ikrom Begashev ishsiz aliment to‘lovchilar doimiy ravishda ishga joylashtirib borilishi, ish bilan band bo‘lgan to‘lovchilar o‘rtasida aliment qarzdorligi kelib chiqmasligini, shuningdek aliment miqdorini kamaytirish yoki ozod qilish masalasida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilish huquqlari borligini ishtirokchilarga alohida ta'kidlab o‘tdi.

Mazkur turdagi tadbirlar "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" davlat dasturi doirasida har bir hududda doimiy amalga oshirilishi bo‘yicha kelishib olindi.

Mavzuga oid
Top