21:47 / 10.03.2017
71069

Oq ko‘ylakka loy chaplayotganlar

Talabalik davrimizda domlamiz  Anvar Karimov televizion jurnalistika fanidan dars o‘tardi. Ular har gal “Efir, bu — misoli oq neylon ko‘ylak: unga tushgan bittagina dog‘ efirni rasvo qiladi”, derdilar. Bu kuyinishlarini o‘sha paytda uncha ham tushunmasdik yoxud e'tiborga olmasdik. Ammo keyinchalik yaxshi angladik. Bugun esa guvoh bo‘lib turibmiz. 

Gap shundaki, televizion jurnalistikaning qaysi janrida bo‘lmasin, efirga uzatilgan ijodiy mahsulot auditoriyaga o‘z ta'sirini o‘tkazmay qo‘ymaydi. Ayniqsa, yosh avlod tarbiyasida bu yaqqol seziladi. 

Keyingi paytda xususiy telekanallar “oq neylon ko‘ylaklarini loyga belash” bilan band. Chunonchi, ma'naviy-ma'rifiy jihatdan saviyasiz ko‘rsatuvlar, “ommaviy madaniyat” omillarini targ‘ib qilish, millat farzandlarining ongini yot illatlar bilan ko‘r-ko‘rona to‘yintirishga kuch berish millatning oppoq ko‘ylakdek ma'naviyatiga dog‘ tushirishdir. 

Misol keltiramiz: My5 telekanalida “Bola tilidan” ko‘rsatuvi efirga uzatiladi (ehtimol “Bola boshidan” deb ham nomlansa kerak). Boshlovchi — xonanda Ruxshona. Ko‘rsatuvda 4-5 yoshli bolalarga turli savollar berib ulardan javob olinadi. Savollar har-xil. Ammo ba'zilari.....

"Baxt nima?"

"Ko‘z ostingizga olib qo‘yganingiz bormi?"

"Nega erkaklarda soqol bor, ayollarda yo‘q?"

"Uylangandan keyin chaqaloqni kim olib keladi?" 

Endi bir o‘ylab ko‘raylik, bunday savol berishdan maqsad nima? 

Yoki yana bir misol: “Milliy tv” brendi ostida faoliyat yuritayotgan telekanal nomiga emas, aksincha asrlar davomida shakllangan, bebaho qadriyatlarimiz va an'analarimizga asoslangan milliylikni parchalashga, axloqiy qoliplarni sindirishga xizmat qilyapti, desak xato bo‘lmaydi. 

Ayniqsa, “Milliy tv”ning navbatdagi ko‘ngilochar dasturi g‘urur va nomusni ham toptab o‘tdi. Mirshakar ismli boshlovchi shou tarzidagi ko‘rsatuvida ayol ishtirokchi tomonidan lab bo‘yog‘ini labiga surtdi va buni hazilona xatti-harakatga yo‘ydi. Bu hazil bilan o‘zbekning erkaklik g‘ururi va oriyati chinakamiga oyoq osti bo‘ldi. 

Yangi ish boshlagan “Zo‘r tv”ning qadami halitdan bejo. Yanayam xalqimiz sabrli va andishali. Bariga ko‘z yumib, sabr qilib kelmoqda. Biroq ushbu telekanal rahbarlari yoxud rahnamolari millatning andishasi otini qo‘rqoq qo‘yishmasin.

O‘zbekiston respublikasi prezidentining 2006 yil 25 avgustdagi “Milliy g‘oya targ‘iboti va ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish to‘g‘risida”gi 451-son qarorida ma'naviy-ma'rifiy ishlarni tashkil etish, yoshlarimizni turli mafkuraviy xurujlardan himoya qilish, yoshlarimizning ongini zaharlab, ma'naviy jihatdan qaram etishga qaratilgan mafkuraviy harakatlarga qarshi samarali kurash olib borish vazifalari belgilab berilgan. 

O‘zbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonunining “Yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari”ga bag‘ishlangan 5-moddasining 7-xatboshisi yoshlarni axloqiy negizlarni buzishga olib keladigan xatti-harakatlardan, terrorizm va diniy ekstremizm, separatizm, fundamentalizm, zo‘ravonlik va shafqatsizlik g‘oyalaridan himoya qilishni ifoda qiladi. 

Mazkur qonunning 14-moddasida prokuratura organlari yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining aniq va bir xilda ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishi belgilab qo‘yilgan. Ammo, yuqorida qayd etilgan “millat kushanda”larining ma'naviy tahdidlarini mas'ul organlar, fuqarolar shunchaki tomoshabin bo‘lib kuzatib turibmiz, xolos. Uni ko‘rayotgan yoshlar esa bunday qilish mumkin ekan, degan tarbiya bilan ulg‘ayishmoqda. 

Xurshid Daliyev, jurnalist

Mavzuga oid
Top