13:09 / 11.03.2017
5438

Erdo‘g‘an: “Bir terrorchilik tashkilotiga boshqasini qo‘llab-quvvatlash orqali kurashish mumkin emas”

Foto: Anadolu


Turkiya va Rossiya bugungi kunga qadar ikki tomonlama munosabatlarni yaxshilash uchun muhim qadamlar qo‘yishdi, dedi Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan Moskvadagi qo‘shma matbuot anjumanida.

Erdo‘g‘anning ta'kidlashicha, Moskva va Anqara ikki tomonlama o‘zaro harakatlarni chuqurlashtirishga qat'iy qaror qilgan: “Afsuski, 2015 yilda bizga chuqur og‘riq bergan hodisa ro‘y berdi. Bu vaqtni qo‘ldan boy berishga sabab bo‘ldi, biroq qiyinchilik va fitnalarga qaramay biz irodani namoyish etdik va to‘siqlarni yengib o‘tish uchun kuch topa oldik”.

“Rossiya yaqinda Turkiyaga nisbatan iqtisodiy cheklovlarni butunlay olib tashlashini kutmoqdamiz, shunda biz yiliga 100 milliard dollarlik mahsulot ayirboshlash hajmiga erishishimiz mumkin bo‘ladi”, - deya ta'kidlab o‘tdi Turkiya prezidenti.

Davlat rahbarining aytishicha, inqirozga qadar ikki davlat o‘rtasidagi mahsulot ayirboshlash hajmi 38 mlrd. dollarni tashkil etgan bo‘lsa, inqiroz davrida bu ko‘rsatkich 17 mlrd. dollargacha tushib ketdi. 

Turkiya rahbari Suriyadagi mojaro haqida to‘xtalib, Jyenevadagi tinchlik muzokaralarida natijaga erishish uchun mojaroda ishtirok etayotgan tomonlar, ayniqsa, Bashar Asad rejimi vakillari samimiy kayfiyatda bo‘lishi kerakligini aytdi.

Shu bilan birga, Erdo‘g‘anning ta'kidlashicha, bir terrorchilik tashkilotiga boshqasini qo‘llab-quvvatlash orqali kurashish mumkin emasligini aniq tushunish darkor.

“Turkiya – terrorizm bilan 35 yildan beri kurash olib borayotgan mamlakat hamda IShID, PYD, YPG va An-Nusra terrorchilariga qarshi kurashadi”, - deya ta'kidlab o‘tdi Erdo‘g‘an.

Davlat rahbarining ko‘rsatishicha, Turkiya Rossiya bilan Suriyadagi mojaroni hal qilish yo‘lida o‘zaro harakatlarni amalga oshirishda davom etadi. “Hech kim Suriyaning hududiy va milliy yaxlitligiga savol bilan qarashi kerak emas”, - deya ta'kidlab o‘tdi u.

Turkiya prezidentining ta'kidlashicha, Anqara Turkiya va Rossiyaning Manbij shahrini terrorchilardan ozod etish bo‘yicha Xalqaro koalitsiya kuchlari bilan hamkorligi tarafdori. “Bu Manbij aholisiga o‘z uyiga qaytish imkonini beradi. Ya'ni Anqara Manbijda terrorchilik tashkilotlari bo‘lishiga qarshi”,  - deya aniqlik kiritdi Erdo‘g‘an.

Uning so‘zlariga ko‘ra, keyingi maqsad IShID terrorchilari tomonidan egallab olingan Raqqa shahri bo‘ladi. “Ma'lumki, Raqqa – IShIDning bosh qo‘rg‘oni. Bizda bor bo‘lgan razvedka ma'lumotiga ko‘ra, shaharda IShIDning 3 mingga yaqin terrorchisi mavjud”, - deya ta'kidlab o‘tgan prezident.

Prezident Erdo‘g‘an shuningdek Istanbulda vertolyot qulashi natijasida halok bo‘lganlar oila a'zolariga ham ta'ziya bildirdi.

Top