14:18 / 11.03.2017
11061

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Prezidentining Buxoro viloyatidagi Xalq qabulxonasiga bordi

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Buxoro viloyatidagi Xalq qabulxonasini borib ko‘rdi, deb xabar bermoqda O‘zA. 

Prezidentimizning «Insonlarning dardu tashvishlarini o‘ylab yashash – odamiylikning eng oliy mezonidir», degan so‘zlari Xalq qabulxonalariga kiraverishda yozib qo‘yilgan. 

2016 yil 24 sentabrda Bosh vazirning virtual qabulxonasi ochilishi jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish imkonini berdi. Davlat rahbarining 2016 yil 28 dekabrdagi «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi. 

Mamlakatimizda 2017 yilning Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e'lon qilingani bu maqsadning mukammal takomilga yetgani, inson manfaatlarini ta'minlash, fuqarolar murojaatlari bilan ishlashning yangi tizimi joriy etilganining huquqiy poydevori bo‘ldi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Buxoro viloyatidagi xalq qabulxonasi zamonaviy binoda ish boshladi. Bu yerda jismoniy va yuridik shaxslar uchun qulay shart-sharoitlar yaratilgan. Qabulxona huquqiy adabiyotlar, zarur ma'lumotlar va axborot texnologiyalari bilan ta'minlangan. 

"Buxoro shahri Ibrohim Mo‘minov ko‘chasi, 26-uyda joylashgan qabulxona xalq bilan ochiq muloqot olib borish, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlashga tayyor", - deyiladi xabarda. 

Top