14:03 / 12.03.2017
4730

Xitoyda o‘lim jazosi tobora kamroq qo‘llanayotgani aytildi

Foto: RIA "Novosti"

Xitoy oliy xalq sudi oxirgi 10 yil ichida o‘lim jazosini "juda kam" qo‘llagan, deb aytdi ushbu sud raisi Chjou Tsyan.

"Oliy xalq sudi o‘lim jazosi hukmlarini ko‘rib chiqish uchun huquqni o‘ziga qaytarib olgandan keyingi 10 yil ichida sud o‘lim jazosi ijro etilishini qattiq nazorat qilgan va sinchkovlik bilan kuzatgan, oliy jazoning juda kam hollarda va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganlarga nisbatan qo‘llanishini kafolatlagan", deb aytdi Chjou Tsyan Xitoyning oliy qonunchilik organi hisoblanuvchi Butunxitoy xalq vakillari yig‘ini sessiyasidagi ma'rzasida.

Biroq ma'ruzada o‘lim jazosi chiqarilgan hukmlar va ijro etilgan qatllar miqdori haqidagi ma'lumot berilmagan.

Xitoyda jinoyat kodeksining 46 ta moddasida o‘lim jazosi berilishi ko‘zda tutilgan. Ulardan aksariyati giyohvandfurushlik bilan bog‘liq. Oxirgi vaqtda korrupsiya uchun o‘lim jazosi berilishi hollari ko‘paygan. O‘tgan yili korrupsiya uchun o‘lim jazosi qoidalari aniqlashtirilib, unga ko‘ra endilikda oliy jazo 460 ming dollardan ko‘proq summaga pora olingan yoki noqonuniy o‘zlashtirib olingan hollarda qo‘llanadi. 

Oxirgi yillarda Xitoyda aybsiz odamlar qatl qilingan holatlarga yo‘l qo‘yilgani oshkor bo‘lgan.

Mavzuga oid
Top