21:47 / 13.03.2017
6476

Harakatlar strategiyasiga bag‘ishlab davra suhbati o‘tkazildi

Surxondaryoda O‘zMTDP viloyat kengashi tomonidan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi loyihasi muhokamasiga bag‘ishlab davra suhbati o‘tkazildi. Bu haqda O‘zMTDP Surxondaryo viloyat kengashi matbuot xizmati xabar bergan.

O‘zMTDP Surxondaryo viloyat kengashi a'zolari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlaridagi partiya guruhlari, tuman kengashlari rais va yetakchi mutaxassislari, boshlang‘ich partiya tashkilotlari yetakchilari ishtirok etgan davra suhbatini O‘zMTDP viloyat kengashi devoni rahbari Saydulla Abduraimov ochib berdi.

"Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan boshlab berilgan islohatlarlarning uzviy davomi sifatida, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasini yanada yuksaltirish va jamiyat rivojini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishda xizmat qiladi", – dedi S.Abduraimov. 

Tadbirda mutaxassislar tomonidan davlat va jamiyat qurilishi tizimini yanada takomillashtirish, mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta'minlash va sud-huquq tizimini isloh qilish, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarni rivojlantirish va liberallashtirish, xavfsizlik, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni mustahkamlash, shuningdek, o‘zaro manfaatli, teng huquqli va amaliy tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yo‘nalishlarning strategik ahamiyati to‘g‘risida keng ma'lumotlar berildi. Demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, fuqarolarni qiynayotgan muammolarni hal etishda davlat organlarining aholi bilan ochiq, to‘g‘ridan-to‘g‘ri va erkin muloqotini kuchaytirish, xalqimizning hayot sifatini yaxshilash, jamiyatda qonuniylik va adolatni ta'minlash, mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalik va millatlararo totuvlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar samaradorligini yuksaltirish yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, tadbir davomida “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da  belgilangan vazifalarni amalga oshirda siyosiy partiya va deputatlarning ham zimmasiga ulkan mas'uliyat yuklatilishi haqida to‘xtalib o‘tildi.

Ayniqsa, fuqarolar va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish, aholi bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yishning yangi, samarali usul va mexanizmlarini joriy etish, ular bilan yuzma-yuz uchrashuvlar hamda har bir aholi qatlamiga kirib borib, ularda mavjud bo‘lgan muammolarni o‘rganish, haqida ham fikr bildirildi. 

Tadbir ishtirokchilari Harakatlar strategiyasining mamlakat hayotidagi muhim ahamiyati, uning ijrosini ta'minlashdagi dasturiy vazifalardan to‘liq xabardor bo‘ldilar.

"Ma'lumki, Harakatlar strategiyasi ijtimoiy-iqtisodiy, ma'naviy-siyosiy hayotimizdagi barcha soha va tarmoqlar borasida amalga oshirish lozim bo‘lgan ustuvor vazifalarni qamrab olgan. Ana shu muhim hujjat ijrosini bosqichma-bosqich amalga oshirish va unda siyosiy partiyalarning o‘rnini kuchaytirishga bag‘ishlangan davra suhbati ham qizg‘in bahs-munozaralarga boy bo‘ldi. Harakatlar strategiyasining birinchi bosqichi – davlat va jamiyat qurilishini takomillashitirishga bag‘ishlangan. Ko‘rinib turibdiki, ushbu yo‘nalishda siyosiy partiyalarning faoliyatini kuchaytirish, ularning har bir sohaga kirib borishi, Xalq bilan muloqot jarayonida deputatlarning rolini yanada oshirish haqida ham to‘xtalib o‘tildi. 

Davra suhbati davomida biz deputatlar bilan hamkorlikni yanada kuchaytirib, tumanlardagi ta'lim muassasalari faoliyatini  o‘rganish, kadrlar salohiyatini oshirishga  qaratilgan tadbirlar ko‘lamini kengaytirishni belgilab oldik", degan  BPT yetakchisi Sayyora To‘rayeva.

Top