19:34 / 13.03.2017
15554

Mingtepa ochiq osmon ostidagi yana bir tarixiy muzeyga aylanishi mumkin

Turizm  har bir  mamlakatni xalqaro hamjamiyatga muntazam tanishtirib borishning eng maqbul yo‘li hisoblanadi. Bugun O‘zbekistonning dunyo sayyohlari kelib hayrat ichra tomosha qilayotgan, o‘rganayotgan, qoyil qolayotgan o‘z tarixi, madaniyati, yuksak hunarmandchilik namunalari aks etgan qadim va noyob obidalari juda ko‘p. Samarqand, Buxoro, Xiva, Termiz... bular xalqimizning chinakam boyligi, g‘ururi, faxri bo‘lib qolgan maskanlar. 

Aslida  yurtimizdagi boshqa shaharlar, qishloqlarda  ham mehnatkash, qobiliyatli va noyob hunarlar sohibi bo‘lgan xalqimiz yashagan. Arxeolog olimlarimizning tinimsiz izlanishlari natijasida yaratilayotgan yangi kashfiyotlar buning isboti O‘zbekiston – Xitoy qo‘shma arxeologik kompleks ekspeditsiyasi tomonidan Marhamat tumanining Mingtepasida arxeologik izlanishlar olib borilmoqda.   

Qo‘shma arxeologik ekspeditsiya rahbari, tarix fanlari doktori Boqijon Matboboyev bilan qilgan suhbatimiz shu haqda bo‘ldi:     

-Suhbatimizni o‘zbek arxeologlarining nega aynan xitoylik  hamkasblar bilan hamkorlik qilayotganidan  boshlasak 

- Mamlakatlararo “Buyuk ipak yo‘li” munosabatlarida  O‘zbek - Hitoy aloqalari azaldan yaxshi bo‘lgan. Madaniyatimiz, hunarmandchiligimizning bir–biriga uyg‘unligi shundan. Qolaversa bundan  to‘rt yil avval Xitoy Respublikasining Sian shahri universitetida qadimda Farg‘ona vodiysi tevaragidagi  70dan ziyod shaharlarning biri bo‘lgan Mingtepa haqida  ma'ruza qilgan edim. Hamkasblarning qiziqishlari aynan shu ma'ruzadan keyin yanada ortib, hamkorlik qilish istagini bildirdilar. Mingtepaning to‘rt nuqtasida arxeologik qazishma ishlari olib borildi. Qazishmalar tufayli topilgan osori atiqalar – qurilish qoldiqlari, sopol idishlar, hayvon suyaklari va toshdan yasalgan yorg‘uchoqlar, palaxmonlar  Mingtepaning haqiqtan ham katta, rivojlangan shahar bo‘lganini tasdiqladi. Muhimi shaharning o‘z mudofaa devori topilma bo‘ldi. Topilgan qurilish qoldiqlari uch bosqichga taalluqli ekani aniqlandi. Birinchi bosqich miloddan avvalgi  3- 2 asrlarga tegishli bo‘lib mudofaa devorining faqat  paxsadan tiklangan qismi faoliyat ko‘rsatgan. 2-3 bosqichlarda kuzatuv minorasi qurilgan. 

Topilmalarimiz shu qadar noyob  bo‘ldiki, Mingtepada ochiq osmon ostidagi tarixiy muzeyni tashkil qilish mumkin deb bildik. Chunki har bir tepalikda xalqimizning shaharsozlik sohasidagi bilimdonligi, yog‘och va tosh o‘ymakorligi sohalarida ham o‘ziga xosligi, nodir va noyob yer tuprog‘iga egaligi  ayon bo‘ldi.

-  Agar ochiq osmon ostidagi muzey yaratilsa, Mingtepa ham Xiva singari ziyoratgohga aylanishi mumkin ekan-da.

– Albatta. Xitoylik hamkorlarimizning faoliyatidan habardor bo‘lgan ikki guruh xitoylik sayohat ishqibozlari allaqachon kelib, tomosha qilib ketdilar. Agar niyatlarimiz to‘liq amalga oshsa, Andijonning Mingtepasi juda ko‘p sayyoh guruhlarni hayratga solishi shubhasiz.

-  2500 yoshli Andijonda sayyohlar ko‘rgudek maskanlar, tarixiy osori atiqalar yetarli bo‘ladimi?

- Andijonning ko‘rsa ko‘rguday, o‘rgansa o‘rganguday jihatlari ko‘p. Shaharning tarixiy markazi Jome maydoni, Ark Ichi tarixiy obidasining o‘zigina qanchalab sayyohlar, ilm ishtiyoqmandlari uchun mavzu bo‘la oladi. Aynan shu joylar Shahriston deb atalgan. Bu joylardan topilgan 6 – 4 asrlarga taalluqli sopol idishlar, qurilish ashyolari, ayniqsa suyak va toshdan yasalgan buyumlar juda noyob. Bunday madaniy topilmalar vodiydagi boshqa shaharlardan hali topilmagan. Mingtepa ham nasib bo‘lsa chinakam ziyoratgoxga aylanadi. Bu yerdan topilgan sopol, tosh va suyak topilmalari uning miloddan avvalgi 3, milodiy 5-asrlar bilan sanalandi. Ochiq osmon ostidagi muzey tashkil qilinishi ham ayni muddao. Xullas, qadim  shaharsozlikda Andijonning o‘z o‘rni, o‘z mavqei bo‘lgan. 

- Demak xalqaro turizm Andijonda yanada   rivojlanishi tabiiy, shundaymi?

- Albatta. Bilasizmi, sayyohlar faqat tomosha ishqibozlari bo‘lmaydi. Kimdir elimizning tarixi bilan, kimdir madaniyati, san'ati bilan qiziqsa, yana qay bir sayyoh urf-odatlarimiz, milliy kiyimlarimizni  hayratlanib o‘rgangisi keladi. Hatto milliy taomlarimizga havasmand sayyohlar ham ko‘p bo‘ladi. Bu - O‘zbekistonning andijonlik xalqi mahorati deya yon daftariga qayd etib ketadiganlar bo‘ladi hali. Mustaqillik bergan ulug‘vorliklar ilm-fandagi yangiliklar bilan uyg‘unlashib taraqqiyotni  yuzaga keltiradi. Dunyo hamjamiyati xalqimizni, mamlakatimizni yanada yaxshiroq taniydi, uning kuch-qudratiga, salohiyatiga tan beradi, havas ham qiladi.

Elmurod Ermatov suhbatlashdi

Top