12:57 / 14.03.2017
3929

Nazarboyev konstitutsiyaga kiritilgan tuzatishlarni amalga oshirish bo‘yicha topshiriq berdi

Foto: RIA "Novosti"

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev “Qozog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar kompleksi bo‘yicha farmonga imzo chekdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

O‘ninchi mart kuni Nazarboyev mamlakat konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonunga imzo chekdi, u hukumat tarmoqlari o‘rtasida vakolatlarni qayta taqsimlashni nazarda tutadi. Qonun prezident vakolatlarining bir qismini parlament va hukumatga berishni ko‘zda tutgan. Xususan, hujjat bilan hukumatni shakllantirishda majlis (parlamentning quyi palatasi) o‘rni oshiriladi, shuningdek parlamentning vazirlar mahkamasi faoliyati bo‘yicha nazorat vakolatlarini kuchaytiradi. O‘z navbatida, hukumatga davlat dasturlarini tasdiqlash bo‘yicha vakolatlar berilmoqda.

"Barcha darajadagi markaziy va mahalliy davlat idoralari, mahalliy o‘zini-o‘zi boshqarish organlari parlament, hukumat va boshqa davlat idoralari vakolatlari va majburiyatining oshirilishi sharoitida davlat apparatini uzluksiz ishlashini ta'minlash bo‘yicha barcha kerakli chora-tadbirlarni qabul qilsin", - deya ta'kidlanadi farmon matnida.

Shuningdek prezident hukumatga markaziy va mahalliy ijro organlarining qo‘shimcha vakolatlar hajmi bilan ishlashga tayyorligi yuzasidan tahlil o‘tkazish va bunga baho berish vazifasini yukladi.

Farmon parlamentga bir qancha qonunlarni yangilangan konstitutsiya bilan uyg‘unlashtirish bo‘yicha qonun loyihasini ko‘rib chiqishga topshirishni ham nazarda tutadi.

Tashqi ishlar vazirligiga esa Qozog‘istonning xalqaro sheriklariga mamlakat davlat tizimidagi o‘zgarish haqida ma'lumot berish vazifasi yuklandi.

Top