09:05 / 14.03.2017
12376

Sankt-Peterburgda O‘zbekiston Bosh konsulligi ochilishi mumkin

Toshkent viloyati hokimi Shukurullo Boboyev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Sankt-Peterburg (Rossiya)ga mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarni yo‘lga qo‘yish uchun tashrif buyurdi, deb xabar berdi Uzdaily.uz.

2017 yilning 13 mart kuni Toshkent viloyati hokimi Shukurullo Boboyev Sankt-Peterburg gubernatori Georgiy Poltavchenko bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Boboyevning ta'kidlashicha, O‘zbekiston rahbariyati Rossiya bilan mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirishga katta e'tibor qaratmoqda. U O‘zbekiston va Rossiya O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga rejalashtirilgan tashrifi davomida mintaqalararo hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo kelishuvni imzolashini ta'kidlab o‘tgan.

O‘zbekiston delegatsiyasi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, hujjat huquqiy asosni yaratib, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikni yanada faollashtirishga yordam beradi.

«Biz tashrifni mintaqalarimiz o‘rtasidagi uzoq muddatli, sheriklik aloqalari bo‘yicha birinchi qadam, shuningdek, turli sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni ishlab chiqish uchun yaxshi imkoniyat sifatida ko‘rmoqdamiz», - dedi Boboyev.

Gubernator Georgiy Poltavchenkoning ta'kidlashicha, so‘nggi paytlarda Sankt-Peterburg va O‘zbekiston iqtisodiy aloqalarni asta-sekin tiklamoqda. Shu tariqa, 2016 yilda O‘zbekiston bilan savdo hajmi 2015 yil bilan taqqoslaganda 35 foizga o‘sdi – 124,7 mln. dollarga.

2016 yilda Sankt-Peterburgdan O‘zbekistonga eksport hajmi 84,3 mln. dollarni, O‘zbekistondan import esa – 40,4 mln. dollarni tashkil etdi.

Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekiston va Rossiya kompaniyalari o‘rtasida sanoat, yangi va qayta ishlangan qishloq xo‘jalik mahsulotlari kabi yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlik istiqbollari, shuningdek madaniy va turizm aloqalarini yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qilishdi.

Muloqot davomida mehnat migratsiyasi masalasidagi o‘zaro harakatlarga alohida e'tibor qaratildi. Shuningdek Sankt-Peterburgda O‘zbekiston Bosh konsulligining ochilishi bilan bog‘liq mavzu ham muhokama qilindi. "Biz qo‘llab-quvvatlash va bosh konsullik uchun joy topishga tayyormiz", - deya ishontirdi Georgiy Poltavchenko.

Uchrashuv yakuniga ko‘ra Sankt-Peterburg Ma'muriyati rahbariyatining biznes doiralar vakillari bilan O‘zbekistonga joriy yilning noyabr oyida javob tashrifiga oid kelishuvga erishildi. 

Top