20:21 / 15.03.2017
13791

Erdo‘g‘an Istanbul va Rotterdam o‘rtasidagi birodarlik bitimini buzishga buyruq berdi

Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an mamlakat bosh vaziri Binoli Yildirimga Istanbul va Rotterdam shaharlari o‘rtasidagi birodarlik bitimini bekor qilishga buyruq berdi. Bu haqda Hurriyet Daily News xabar qilgan.

"Men bosh vazirimizga u Istanbul merini Rotterdam bilan birodarlik bitimi bir tomonlama buzilgani haqida xabardor qilishi kerakligini aytdim. Chunki biz endi bunday odamlar bilan birodarlik aloqalarini qo‘llab-quvvatlay olmaymiz", deya Erdo‘g‘anning so‘zlarini keltirgan nashr.

Turkiya va Niderlandiya o‘rtasidagi diplomatik mojaro niderlandlar hukumati turk vazirlarini o‘z hududiga kiritmaganidan keyin yuzaga keldi. Turk vazirlari Niderlandiya hududida Turkiyada 16 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan referendumdan oldin tashviqot o‘tkazmoqchi edi. 

Bu qarorga javoban Rajab Toyib Erdo‘g‘an niderlandlarni fashistlarga tenglashtirdi va bu mamlakat bilan munosabatlarda eng keskin choralar ko‘rilishiga va'da qildi. Keyinroq Anqara Niderlandiya elchisining ortga qaytishini taqiqladi. Ayni vaqtda Niderlandiyadan diplomatik aviareyslar qabul qilinmayapti va Amsterdam bilan oliy darajadagi barcha aloqalar to‘xtagan.

Top