12:23 / 15.03.2017
7703

Fermerlar Google havo sharini NUJ deb o‘ylashdi

Kolumbiyaning markaziy qismidagi Tolima departamentida Google tomonidan asos solingan X kompaniyasiga tegishli Project Loon havo shari halokatga uchradi. Mahalliy fermerlar qulagan obektni o‘zga sayyoraliklar deb o‘ylashgan, deb xabar bermoqda Bi-bi-si.

Mahalliy fuqarolarning aniqlik kiritishicha, ular o‘zlariga noma'lum bo‘lgan obektdan “dahshatga” tushishgan. “Undan tutun va g‘alati suyuqlik chiqib ketdi”, - deya ta'kidlab o‘tdi San Luis shahri vakili. Avvaliga kishilar obektni NUJ yoki fazoviy kemaning parchasi deb o‘ylashgan.

Bi-bi-si ma'lumotiga ko‘ra, obekt aslida nima ekani va kimga tegishliligini politsiya aniqlab bergan. Uning halokatiga nima sabab bo‘lgani hozircha noma'lum.

Ma'lumot uchun, bu Project Loon havo sharining birinchi marta qulashi emas. 2016 yilning fevralida ham shunday hodisa kuzatilgan, o‘shanda obekt Shri-Lankadagi choy plantatsiyasiga tushgandi. Shar sinovdan o‘tkazish jarayonida bo‘lgan.

Loon loyihasi haqida 2013 yilning yozida ma'lum qilingan. Google butun dunyoni (jumladan, uzoq tumanlarni) internet bilan stratosferada harakatlanuvchi havo sharlari ta'minlash niyatida.

Top