18:57 / 15.03.2017
11241

Pley-off qoliplariga sig‘mayotgan jang. Kun uchrashuvi haqida

Bugun Yevropa chempionlar ligasining 1/8 final javob uchrashuvlariga yakun yasaladi. Dastlabki uchrashuvlarning eng qiziqarlisi deb topilgan «Manchester Siti» va «Monako» o‘rtasidagi javob uchrashuvi ham keskin kurashlarga boy o‘tishi kutilmoqda. Tribuna.Uz kuning eng e'tiborli uchrashuviga batafsil to‘xtaladi.

Monako – Manchester Siti (16 martga o‘tar kechasi, 00:45, UzReport, Match TV)
Aytib o‘tganimizdek Manchesterda kechgan dastlabki uchrashuv aqlbovar qilmas darajada kechgan va YeChL pley-offlari tarixidagi eng sermahsul uchrashuvlardan biri bo‘lgandi. Javob uchrashuvi ham gollarga boy bo‘lishi kutilmoqda. Hujumkorlikni yaxshi ko‘radigan ikki jamoa o‘rtasidagi uchrashuvdan sermahsullikni kutish tabiiy. Gvardiolaning o‘zi ham bu qadar ko‘p gol uradigan jamoaga qarshi himoyada o‘ynab bo‘lmasligini ta'kidlab o‘tgan. 

O‘yin oldidan
Monako


«Monako» o‘zining barcha davrlaridagi eng yaxshi mavsumini o‘tkazmoqda. Dekabrda «Lion»dan mag‘lubiyatga uchragan monegaskliklar o‘shandan keyin o‘tkazilgan 17 uchrashuvda faqat «Etihad»da imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Jardim shogirdlari o‘z uyida ideal futbol namoyish etmoqda. Jamoa mezbon sifatida o‘tkazgan sakkiz uchrashuvning barchasida g‘alaba qozondi. Bor-yo‘g‘i uchta gol o‘tkazib yubordi. Jamoa Fransiya chempionatida so‘nggi ikki uchrashuvda g‘alaba qozondi, knyazlik klubi hamon turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda. «Monako» ikki frontda ham kurasha olishini isbotlab kelmoqda.

Manchester Siti


Yanvarda «Everton»dan uchralgan mag‘lubiyatdan keyin «Manchester Siti» hali hech bir uchrashuvda mag‘lubiyatga uchramadi. Gvardiola jamoasi ketma-ket 11 uchrashuvdirki, maydonni bosh egib tark etmayapti. Kubokda «Midlsbro» va chempionatda «Sanderlend» osonlik bilan mag‘lub etilgan bo‘lsa, o‘tgan hafta o‘rtasida «Stok Siti»ga qarshi chempionat o‘yinida jamoa raqiblar darvozasini ishg‘ol qila olmadi. «Manchester Siti» «Monako»ga qarshi uchrashuvdan keyin himoyada ham ishonchli o‘yin ko‘rsatib kelmoqda. Jamoa so‘nggi uchta uchrashuvdan buyon o‘z darvozasidan to‘p o‘tkazmayapti. Eng asosiysi jamoa mehmonda o‘tkazilgan so‘nggi olti uchrashuvda o‘z darvozasini daxlsizligi saqlab qoldi va klub rekordini o‘rnatdi.

«Siti» o‘tgan yilgi YeChLdagi muvaffaqiyatli mavsumni eng kamida takrorlashga urinib ko‘rishadi. Bundan tashqari Xosep Gvardiola o‘zi boshqargan jamoalar bilan hali hech qachon 1/8 finalda mag‘lubiyatga uchramagan. O‘tkazilgan yettita qarama-qarshilikning barchasida Gvardiola jamoasi keyingi bosqichga yo‘llanma olgan. 

Yo‘qotishlar 
«Monako» tarkibida Kamil Glik sariq kartochkalar sonining oshib ketgani bois ishtirok eta olmaydi. Gabriel Boshilya va Gvido Karilo ham bu uchrashuvni o‘tkazib yuborishi aniq bo‘lib ulgurgan. «Manchester Siti»da esa YeChL zayavkasiga kiritilgan futbolchilardan birgina Gabriel Jyezusning jarohat olganini eslatib o‘tish joiz.

Taxminiy tarkiblar
Monako: 1. Subashich, 23. Mendi, 24. Rajji, 5. Jyemerson, 19. Sidibe, 27. Lemar, 2. Fabino, 14. Bakayoko, 10. Bernardu Silva, 29. Mbappe, 9. Falkao.
Manchester Siti: 13. Kabalero, 3. Sanya, 30. Otamendi, 24. Stounz, 11. Kolarov, 42. Ture, 17. De Bryuyne, 19. Sane, 21. Silva, 7. Sterling, 10. Aguero

Uchrashuvdan oldingi fikrlar
Leonardo Jardim, «Monako» bosh murabbiyi:

«Keyingi bosqichga chiqishimiz uchun, uchta gol kiritishimiz kerak bo‘ladi. Chunki o‘yin o‘ta hujumkor ruhda kechadi. Qarshi hujumlarda juda ko‘p bo‘sh zonalar yuzaga keladi. Balki yana juda ko‘p gollar kiritilar?

Bizdan birinchi uchrashuvda yo‘l qo‘ygan xatolarni chetlab o‘tish talab etiladi. Bu darajadagi uchrashuvda maydonga chiqar ekansan, bor kuching bilan harakat qilasan va charchoqni ham unutasan.

Qo‘rqayotganim yo‘q. Bunday uchrashuvlardan zavq olish kerak. Birinchi uchrashuvda «Manchester Siti» zo‘r o‘ynagani uchun emas, o‘zimiz yo‘l qo‘ygan ba'zi juz'iy kamchiliklar sabab mag‘lubiyatga uchradik. Bugun o‘sha kamchiliklarni to‘g‘rilashimiz kerak bo‘ladi».

Xosep Gvardiola, «Manchester Siti» bosh murabbiyi:

«Agar biz o‘zimizni keyingi bosqichga chiqib bo‘lgan deb hisoblaganimizda bu juda katta xato bo‘lardi. Uchrashuvning birinchi daqiqasidanoq jamoam g‘alaba qozonish uchun maydonga tushganini isbotlashini xohlayman. Biz albatta gol urishimiz kerak.

«Monako» – ajoyib jamoa. Barchani ertangi uchrashuvni tomosha qilishga taklif etaman, kelganlar ajoyib futbol guvohiga aylanishadi. Himoyalanishning eng to‘g‘ri yo‘li – gollar kiritish. Bitta jamoa bu qadar ko‘p gol kiritganida, sen himoya haqida o‘ylashing – bu o‘z joniga qasd qilish. Maqsadimiz – hujum qilish. Bu jamoa osonlikcha gol o‘tkazib yubormasa ham ularga beshta gol urishga muvaffaq bo‘ldik.

Ketma-ket yetti marta YeChL yarim finallarida o‘ynaganim haqida o‘ylayotganim yo‘q. Mening vazifam – «Manchester Siti»ga keyingi bosqichga chiqishi uchun ko‘maklashish. Yana nima xohlashim mumkin – bu yaxshi futbol ko‘rsatish. Hozirgi orzuim bu chorak finalga yo‘llanma olish».

Top