14:03 / 15.03.2017
3942

Pokistonda so‘nggi 19 yilda birinchi marta aholini qayta ro‘yxatdan o‘tkazishga start berildi

15 mart, chorashanba kuni Pokistonda so‘nggi 19 yilda birinchi marta aholini ro‘yxatdan o‘tkazishga start berildi. Bu haqida Dunya News xabar berdi. 

Aholini qayta ro‘yxatdan o‘tkazish ishlari 9 yil oldin o‘tkazilishi kerak edi, biroq shu kungacha orqaga surib kelingan. Ro‘yxatga olish ishlarining eng so‘nggisi 1998 yilda o‘tkazilgan bo‘lib, u paytlar mamlakatda rasman 132 million kishi istiqomat qilar edi. Jahon banki ma'lumotlariga ko‘ra, 2015 yilda mamlakatda 189 million kishi qayd qilingan. Joriy ro‘yxatdan o‘tkazish ishlari mamlakat tarixida oltinchisi hisoblanadi.

Ro‘yxatga olish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshiriladi, butun jarayonning o‘ziga esa ikki oydan ko‘proq vaqt ketadi. Bugun mahalliy vaqt bilan soat 8:00da  birinchi bosqichga start berildi. U bir oy (15 aprelga qadar) davom etib, 63 okrugni o‘zi ichiga oladi. 

Ro‘yxatga olish komissiyasi rahbari Asif Bajva xabar berganidek, aholini ro‘yxatga olish ishlari mamlakatning barcha qismlarida, hatto xavfsizlik nuqtai nazaridan muammoli mintaqalarda ham o‘tkaziladi.

Manbada ta'kidlanishicha, mamlakatning beqaror mintaqalarida ro‘yxatga olish ishlari harbiylar tomonidan amalga oshiriladi. Mazkur jarayonda jami 175 ming harbiy va 120 mingga yaqin fuqaro ishtirok etadi. Bu ishga davlat byudjyetidan 7,4 milliard rupiy ajratilgan, umumiy hisobda esa unga 14 milliard rupiy (133,2 million dollar) sarflanadi.

Top