07:55 / 16.03.2017
111491

Qozog‘iston vaziri kuchayayotgan O‘zbekiston Qozog‘istonga iqtisodiy xavf solishi mumkinligini aytdi

Foto: EURASIANCOMMISSION.ORG

O‘zbekistonning mintaqaviy pozitsiyalarining mustahkamlanishi Markaziy Osiyo mintaqasida iqtisodiy yetakchining o‘zgarishiga olib kelishi hamda investitsiyalar va bozorlar uchun raqobatni kuchaytirishi mumkin, deb aytdi Qozog‘iston milliy iqtisodiyot vaziri Timur Suleymenov Olmaotada o‘tayotgan CFO Summit 2017 sammitida. Bu haqda "Vlast" internet-nashri xabar bermoqda.  

Vazir Qozog‘istonga xavf solayotgan tashqi chaqiriqlar haqida gapirar ekan, "uyg‘onayotgan va erkinlashayotgan O‘zbekiston"ga e'tibor qaratdi. U O‘zbekistonni katta ambitsiyalar va imkoniyatlarga ega davlat deb atadi.  

"O‘zbekistonning kuchayishi biz uchun muayyan chaqiriq bo‘ladi. Biz obektiv ravishda Qozog‘iston mintaqadagi gegemon deb o‘ylashga odatlanib qolganmiz. Hozir bu o‘zgarishi mumkin, men iqtisodiy gegemonni nazarda tutmoqdaman. Investitsiyalar, bozorlar uchun raqobat kuchayishi mumkin. Bu biz o‘rta muddatli istiqbolda hal qilishimiz kerak bo‘lgan chaqiriqlardan biri", deb aytdi Suleymenov.

Suleymenov tashqi chaqiriqlar sifatida Xitoy va AQSh o‘rtasida vujudga kelayotgan savdo ixtilofini ham aytib o‘tdi. U AQShning siyosati oldindan aytib bo‘lmas holga kelayotgani va bu Qozog‘iston iqtisodiyotiga xavf solishi mumkinligini ta'kidlab o‘tdi. "AQShning iqtisodiyoti va siyosiy ta'siri ko‘lami ulkanligini hisobga olgan holda, bu yangi reallikka aylanishi mumkin. Protektsionizm, qandaydir kelishuvlardan bosh tortish, migratsiya siyosatining boshqa jihatlaridagi izolyatsionizm trendga aylanishi mumkin. Chunki Amerika trendlarni o‘rnatuvchi davlatdir", deb o‘z so‘zlarini yakunladi Suleymenov.

Top