15:07 / 16.03.2017
6636

OAV Tramp va Pentagon o‘rtasida ziddiyat mavjudligi haqida xabar tarqatdi

Foto: AFP

AQSh prezidenti Donald Trampning jamoasi hamda Mudofaa vaziri Jyeyms Mettis Pentagondagi muhim lavozimlarga tayinlovlar borasida bahslashmoqda. Bu haqda Defense News xabar tarqatgan.

Oq uydagi va Mettisga yaqin manbalarning ma'lumotlariga ko‘ra, Tramp o‘zini vazirlikdagi muhim o‘rinlarga o‘z nomzodlarini qo‘yishga haqli deb bilmoqda. Vazir esa tayinlovlarni mustaqil ravishda amalga oshirishni istamoqda. U ko‘rsatayotgan nomzodlar orasida Trampning ashaddiy tanqidchilari ham bor.

Munozaralarga sabab bo‘layotgan nomzodlardan biri diplomat Enn Patterson hisoblanadi. Mettis uning nomzodini vazirning siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi uchun ilgari surgan. Ushbu ayol Never Trump aksiyasini faol ravishda qo‘llab-quvvatlagandi.

Bundan tashqari, Tramp bu o‘ringa Mira Rikardel nomzodini tayinlamoqchiligi aytilgan. U respublikachilarning saylovoldi kampaniyasi davrida shtabda mudofaa siyosati bo‘yicha maslahatchi bo‘lgan, ma'muriyat uchun mutaxassislar saralash jarayonida ishtirok etgan.

"Mettis Oq uyga Mira ketmasa, o‘zi ketishi haqida ma'lum qilgan", — deya ma'lumot bergan Defense News suhbatdoshlaridan biri.

Rikardel xonimning o‘zi bu vaziyatga munosabat bildirishni istamagan, ammo Oq uydagilar bu amaldor o‘z ishini bajarishda davom etayotganini tasdiqlagan. Portal manbalaridan biri u savdo vazirligiga o‘tkazilishi mumkinligi haqida xabar bergan. U bu lavozimida ham mudofaa yo‘nalishidagi aloqalar bilan shug‘ullanishi mumkin.

Mavzuga oid
Top