01:26 / 16.03.2017
23821

Olti yoshli qizchaning tashabbusi: Tug‘ilgan kun o‘rniga savobli ish

Chikagolik bog‘cha tarbiyalanuvchisi tug‘ilgan kun nishonlash o‘rniga uysizlarni to‘ydirishga muvaffaq bo‘ldi. 

Bu oyning boshida 6 yoshga to‘lgan Armani Kryus ismli qizcha ota-onasidan bir necha oy davomida uysiz kishilarga oziq-ovqat ulashishni so‘ragan. Avvaliga, ota-ona qizining bu taklifini hazil deb o‘ylagan.

Qizning onasi Artesha Kryusning aytishicha, u Armaniga boshpanasizlar uchun bir necha sendvichlar tayyorlab berishini taklif qilgan. Biroq qizcha undan xuddi tug‘ilgan kunda bo‘ladigan ziyofatni iltimos qilgan. 

Armanining otasi Antuan qiziga agarda bu ishni qiladigan bo‘lsa, unga tug‘ilgan kun sovg‘asini bermasligini ma'lum qilgan. Biroq shunga qaramay, qizcha o‘z fikridan qaytmagan.

Shu tariqa chikagolik oila Garfild bog‘idagi boshpanasiz kishilarni to‘ydirish uchun 300 dollar hisobida pul sarfladi va ularga barcha zaruriy yeguliklarni olib keldi. 

Armanining bu tashabbusidan so‘ng Kongregatsiya a'zolari boshpanasizlarga yordam ko‘rsatish maqsadida mablag‘lar yig‘ishdi. Armanining tug‘ilgan kuni 125dan ortiq insonlar orasida chiroyli o‘tdi. 

«Qizim juda ham xursand bo‘ldi. Barcha to‘q, minnatdor edi. Bir kishining aytishicha, u uzoq vaqtgacha issiq taom tanovul qilmagan ekan», - deydi Armanining onasi.

Ayni damda olti yoshli qizaloq uysizlar uchun yana bir boshqa ziyofatni o‘tkazishni rejalashtirgan. Onasining aytishicha, ularning oilasi bu bog‘ga yaqin kunlarda yana qaytadi.

Top