13:13 / 16.03.2017
33456

Rossiya muhojirlardan o‘z iqtisodiyotini tiklashda foydalanmoqda

Yevropa va AQSh chegarasini kuchaytirib, muhojirlar oqimini nazorat qilishga urinayotgan bir vaqtda, Moskva sobiq ittifoqdosh respublikalardan kelayotgan ishchilar oqimiga eshiklarini ochmoqda. Muhojirlar bilan to‘lgan qurilish maydonlari bugungi Rossiya uchun odatiy holat. BMT ma'lumotlariga ko‘ra, Rossiyada 11 mln muhojir istiqomat qiladi. Ularning aksariyati Markaziy Osiyo mamlakatlari fuqarolari hisoblanadi. Bloomberg agentligi shu haqda fikr yuritadi.

Yevropadagi muhojirlik inqirozi keng qamrovli qarshilikni vujudga keltirgan bo‘lsa, qochqinlar uchun dunyoning eng jozibador uchinchi davlati hisoblanuvchi Rossiyada boshqacha kayfiyat hukmron. Garchi, Rossiya davlat telekanallarida Yevropa mamlakatlari ko‘pmadaniyatlilik, Yaqin Sharq va Afrikadan muhojirlarni haddan ortiq qabul qilayotgani uchun tanqid qilinsa-da, mamlakatning o‘zida muhojirlar oqimi bilan bog‘liq vaziyatdan norozilikning har qanday ko‘rinishi hukumat tomonidan «millatchilik sifatida baholanishi mumkin». Rossiyada Yevropadan farqli ravishda muhojirlarning doimiy oqimi uzoq vaqt davom etgan turg‘unlikdan so‘ng, iqtisodiyot tiklanishida muhim omillardan biridir. Hukumat esa buni juda yaxshi tushunadi.

Moskvadagi Karnegi markazi iqtisodiy siyosat bo‘yicha dastur direktori Andrey Movchan: «Rossiya ishchilar tanqisligini boshidan kechirmoqda. Biz arzon ishchi kuchiga muhtojmiz. Buni esa mamlakat ichkarisida topa olmaymiz», -degan fikrni bildirmoqda. Muhojirlar ko‘chalarni tozalashadi hamda osmono‘par turarjoy binolariga xizmat ko‘rsatadi. Ular, shuningdek, ishlab chiqarish, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida asosiy o‘rinlarni egallamoqda. Restoran sanoatidagi oshxona ishchilari Rossiyada yillab qolishadi. Ular topgan pullarining katta qismini vatanlariga yuborishadi. Movchanning aytishicha, «agar Rossiyadan umumiy ishchi kuchining 15 foizini tashkil etuvchi muhojirlar chiqarib yuborilsa, ularning o‘rnini hech kim bilan to‘ldirib bo‘lmaydi». 

Uning fikricha, muhojirlar bajarayotgan ishlarni rossiyaliklar bajargani uchun ko‘proq pul to‘lanishi ham narx-navoning qimmatlashuviga olib kelgan hamda iqtisodiyotning tiklanishini murakkablashtirgan bo‘lar edi. Neft narxining arzonlashuvi barobarida Rossiya-Ukraina o‘rtasidagi ziddiyat tufayli qo‘llanilgan g‘arb sanksiyalari muhojirlar oqimini birmuncha pasaytirdi. Statistika ma'lumotlariga ko‘ra, Rossiyaga borayotgan o‘zbeklar soni 21 foiz, tojiklar 11, qirg‘izlar soni esa 5 foizga qisqargan edi. Ammo, o‘tgan qisqa davr ichida immigratsiya ko‘rsatkichlari yana osha boshladi. Agar 2015 yilda Rossiyaga 161 ming yaqin xorijlik kirgan bo‘lsa, 2016 yilda bu raqam 196 minggacha oshdi. O‘tgan yili Moskvada ishlashga izn beruvchi ruxsatnomalarni sotish 10 foizga oshgan. Asosiy mehnat muhojirlari Tojikiston va Qirg‘iziston respublikalaridan bo‘lib, Jahon banki ma'lumotlariga ko‘ra, ushbu ikki mamlakat iqtisodiyoti muhojirlar yuborgan pulga bog‘liq bo‘lgan davlatlar ro‘yxatida birinchi o‘rinlarni egallaydi. 

Yevropa va AQShdagi immigratsiya cheklovlari faqatgina iqtisodiy zararlar emas, balki terrorizm qo‘rquvi bilan ham bog‘liq. Bunday xavotirlar esa Rossiyada ham yo‘q emas, albatta. Biroq, hozircha, u unchalik aks sado berayotgani yo‘q. O‘tgan oyda Putinning ma'lum qilishicha, sobiq Sovet Ittifoqi respublikalarining 5 ming atrofidagi fuqarolari Suriyadagi IShID safiga kirganini ma'lum qildi. 2016 yilda xavfsizlik xizmatlari Rossiya hududida terrorchilik xurujlarini amalga oshirishni rejalashtirayotgan kamida ikkita muhojirlar guruhini qo‘lga olgan edi. 

Umuman olganda, Rossiyaga mehnat muhojirlari kerak, biroq, davlat ularga qaysidir ma'noda to‘siqlar qo‘ymoqda. Xususan, rus tili imtihonidan o‘tish, har oylik mehnat ruxsatnomasi kabilar shular jumlasidan. Hukumat ma'lumotlariga ko‘ra, 2015 yilda 1,73 mlnga yaqin shunday mehnat ruxsatnomalari (patent) berilgan. Shu bilan birga, davlat muhojirlikka keng yo‘l ochib bergan bo‘lsa-da, ularning huquqlarini yetarli darajada himoya qilayotgani yo‘q. Aksar muhojirlarning mehnat sharoitlarini oqilona deb bo‘lmaydi. 

 

Top