08:50 / 17.03.2017
4836

Yevropa Ittifoqi Facebook, Google va Twitter’ni jarimaga tortishi mumkin

Yevropa Ittifoqi Facebook, Google va Twitter kompaniyalariga o‘z xizmatlarini Yevropaning iste'molchilar huquqlarini himoya qilish qonunchiligiga mos holga keltirish uchun bir oy muhlat berdi. Aks holda kompaniyalar jarimaga tortiladi, deb xabar bermoqda vaziyatdan xabardor bo‘lgan manbaga iqtibos keltirgan holda Reuters axborot agentligi.   

Axborot agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, 2016 yil dekabrda YeI hukumati ushbu kompaniyalarga ular ko‘rsatayotgan xizmatlarning ba'zi shartlari Yevropaning iste'molchilar huquqlarini himoya qilish qonunchiligiga zid kelishi haqida ogohlantirish yuborgan.

Misol uchun, YeI foydalanuvchilar ushbu ijtimoiy tarmoqlar bilan yuzaga kelgan biror masala yuzasidan o‘z davlatlaridagi sudlarga murojaat qila olmay, bu maqsadda bu kompaniyalar ofislari joylashgan Kaliforniyaga borishga majbur ekanliklarini tanqid ostiga olgan.

Shuningdek, YeIda ijtimoiy tarmoqlar homiylik kontentini aniq belgilamasliklari va foydalanuvchilardan shartnomani bekor qilish kabi huquqlaridan voz kechishni talab qilishlariga qarshi chiqildi. Bundan tashqari, kompaniyalarning o‘z nuqtai nazaridan kelib chiqib, foydalanuvchilar tomondan yaratilgan kontentning yaroqlilik darajasini hal qilishi ham tanqid qilingan.  Google bilan bog‘liq holda uning Google+ ijtimoiy tarmog‘i xavotir uyg‘otgan. Kompaniyalarning o‘zlari hozircha bu tanqidlarga izoh bermaganlar. 

Ma'lumotlara ko‘ra, kompaniyalar vakillari ushbu muammolarni hal qilishning ba'zi yo‘llarini taklif qilishgan va Yevropa hukumati bilan buni 16 mart kuni muhokama qilishgan.  

Axborot agentligining ta'kidlashicha, Yevrokomissiya yuqoridagi choralarni qo‘llab-quvvatlamoqda va agar talablar bajarilmasa, jarima solishi mumkin.  

Mavzuga oid
Top