20:53 / 17.03.2017
10671

Rossiya Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish uchun qo‘shimcha choralar ko‘rmoqchi

Rossiya Afg‘onistonda milliy yarashuvga erishish uchun qo‘shimcha choralar ko‘rmoqchi. Bu haqda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Afg‘oniston prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Xanif Atmar bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.

"Siz bilan milliy yarashuvga erishish bilan bog‘liq masalalarda suhbatni davom ettirish bizga juda muhimdir. Biz oxirgi oylarda bir qator davlatlar ishtirokida tashabbuskor qadamlar qabul qildik. Bu yo‘nalishda qo‘shimcha qadamlar qabul qilmoqchimiz", deb aytgan Lavrov. 

"Bizda Afg‘oniston bilan savdo-iqtisodiy, gumanitar sohalarda, afg‘on xavfsizlik kuchlari, armiyasi jangovarligini mustahkamlashga yordam berish bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirish istagi saqlanib qolgan", deb qo‘shimcha qilgan Lavrov.

Lavrov Moskva va Kobul turli sohalarda barqaror muloqotni qo‘llab-quvvatlashlarini aytdi. 

O‘z navbatida Atmar Afg‘oniston Rossiyaning tashabbuslarini yuqori baholashini aytgan. "Afg‘oniston an'anaviy tarzda ko‘p yo‘nalishli tashqi siyosatni olib boradi va Rossiya davlatimizning tashqi siyosatida muhim omil hisoblanadi. Rossiya va Afg‘onistonda ko‘plab umumiy manfaatlar mavjud va bizning hamkorlik bu umumiy maqsadlarga erishishda muhim rol o‘ynaydi. Bizning hamkorlik terrorchilik, giyohvand moddalar tarqalishiga qarshi kurashda, Afg‘onistonda tinchlik va milliy yarashuvni ta'minlashda muhim rol o‘ynaydi", deb aytgan Atmar.

Top