01:10 / 18.03.2017
11033

AQSh maxfiy xizmati xodimining ichida maxfiy ma'lumotlar bo‘lgan noutbuki o‘g‘irlab ketildi

AQSh maxfiy xizmati xodimining avtomobilidan Trump Tower binosi chizmalari, Xillari Klintonning shaxsiy serverini qo‘llashi bo‘yicha o‘tkazilgan tergov tafsilotlari va milliy xavfsizlikka tegishli bo‘lgan boshqa ma'lumotlar bo‘lgan noutbuki o‘g‘irlab ketildi, deb xabar bermoqda ABC telekanali.

Ta'kidlanishicha, voqea Nyu-Yorkda 16 mart kuni yuz bergan. Maxfiy xizmatda noutbuk o‘g‘irlab ketilgani tasdiqlangan.

Shuningdek, maxfiy xizmatda xodimlarga o‘z noutbuklarida maxfiy ma'lumotni saqlash taqiqlangani aytildi. 

Hozir o‘g‘irlangan noutbuk qidirilmoqda. Politsiya videoyozuvlar orqali o‘g‘rilikda gumon qilinayotgan shaxsni tezkor ravishda aniqlashga umid qilmoqda. 

Bundan tashqari, maxfiy xizmat o‘g‘irlangan noutbuk haqida ma'lumotga ega bo‘lganlarga Nyu-York politsiyasi yoki maxfiy xizmat bosh boshqarmasi bilan bog‘lanishni iltimos qilgan.

Xabarda aytilishicha, maxfiy xizmat tegishli ma'lumotlarni to‘plagach, qo‘shimcha axborot beradi.

Mavzuga oid
Top