20:08 / 18.03.2017
11490

Sirdaryoda paxtani qabul qilish maskanlarida ishlagan nopok kimsalar jazoga tortildi

Yurtimizda yetishtirilayotgan paxta tolasi jahon bozorida sifat jihatidan yuqori baholanadi. Ko‘plab horijiy tadbirkor va firmalar unga xaridor bo‘lishmoqda. Uni bejizga “oq oltin” deya atamaymiz.

Shuni aytishimiz joizki, paxta xom ashyosini yetishtirayotgan dehqonning qalbi ham paxtasidek oppoq. Afsuski, dehqon, fermerlarning halol mehnatlari evaziga yetishtirilgan paxtani qabul qilish maskanlarida ishlayotgan ayrim nopok kimsalar g‘arazgo‘ylik qilib noqonuniy ishlarga qo‘l urishmoqda. 

“Sirdaryo haqiqati” gazetasining xabar berishicha, Soatov Husan Rashid o‘g‘li Paxtaobod paxta tozalash aksiyadorlik jamiyatiga qarashli “Qo‘shchinor” paxta qabul qilish punktida 2015 yil avgust oyidan boshlab 2-mintaqa tovarshunosi vazifasida ishlab yurgan vaqtida mansab soxtakorligi, g‘arazgo‘ylik va boshqa manfaatlarni ko‘zlab, rasmiy hujjatlarga soxta ma'lumotlar, yozuvlar kiritish orqali o‘ziga ishonib topshirilgan o‘zganing mulkini o‘zlashtirgan.

H.Soatov 2015 yil paxta yig‘im-terimi mavsumida “Qo‘shchinor”, “F.Xo‘jayev”, “Do‘stlik”, “Uzoqov”, “Paxtaobod” SIUlarda faoliyat yuritib kelayotgan fermer xo‘jaliklari tomonidan aslida 2020,2 tonna paxta xom ashyosi topshirilgan bo‘lsada, rasmiy hujjatda go‘yoki 137,1 tonnadan ko‘proq paxta xom ashyosini qabul qilinganligini ko‘rsatib jamiyat buxgalteriyasiga taqdim etgan. Oqibatda Paxtaobod paxta tozalash AJga 105 mln. 704,1 ming so‘m zarar yetkazgan.

Fayzulla Djurayev 2015 yil iyun oyidan boshlab Paxtaobod paxta toxalash aksiyadorlik jamiyatiga qarashli korxona qoshidagi paxta tayyorlash maskanida 2-mintaqa tovarshunosi vazifasida ishlab kelib, shaxsiy manfaatlarni ko‘zlab, rasmiy hujjatlarga soxta ma'lumotlar va yozuvlar kiritib, hujjatlarni qalbakilashtirgan. Ya'ni, u 2015 yil paxta yig‘im-terim mavsumida aslida qiymati 7 mlr. 309,9 mln. so‘mlik 6594 tonna paxta xom ashyosi qabul qilingan bo‘lsa-da, rasmiy hujjatlarda 275,5 tonna ko‘p paxta xom ashyosi qabul qilinganligini ko‘rsatib, soxta ma'lumot va yozuvlar kiritib (ularni qalbaki ekanligini bila turib) jamiyat hisob-kitob bo‘limiga taqdim etgan. Oqibatda F.Djo‘rayevning aybi bilan korxonaga 82 mln. 180 ming so‘m zarar yetkazilgan.

2014 yil avgust oyidan boshlab Paxtaobod paxta tozalash aksiyadorlik jamiyatiga qarashli Sh.Rashidov paxta qabul qilish maskanida 2-mintaqa tovarshunosi vazifasida ishlab kelgan To‘lqinjon Qayumov ham shu kabi jinoyatlar sodir etgan.

Sud hay'ati Husan Soatov, Fayzulla Djurayev va To‘lqin Qayumovlarga nisbatan adolatli hukm chiqardi. Aybdorlar tegishli qonun asosida o‘z jazolarini oldilar hamda yetkazgan moliyaviy zararni to‘liq qopladilar.

Albatta, har bir jinoyatning tagida moddiy manfaatdorlik yotadi. Yuqorida nomlari tilga olingan shaxslar ham bundan mustasno emas. Mol-dunyo, pul odamning ko‘zini ko‘r, qulog‘ini kar qilib qo‘yadi. Ayrim kimsalar oxirini o‘ylamay, yoki kirdikorlari ochilmay qolishiga ishonibmi o‘z vazifasini suiste'mol qilishadi. Xalqimizda qing‘ir ishning qiyig‘i, qirq yilda ham chiqadi, degan naql bor. Hozirgi kunda bu kabi qing‘irlik ishlar, o‘zganing mulkiga ko‘z olaytirish kabi illatlar huquq-tartibot idoralari tomonidan o‘z vaqtida fosh etilmoqda, aybdorlar esa tegishli jazolarini olishmoqda.

Qonun ustuvor bo‘lgan jamiyatda har qanday illatning, jinoyatning ildiziga bolta urilishi va bartaraf etilishi, shubhasiz.

Top