10:34 / 20.03.2017
11557

Andijon kollejlarida Navro‘z sayillari

Ajdodlarimizdan meros milliy qadriyatlarimizdan bo‘lgan – Navro‘z umumxalq bayrami Andijon viloyati o‘rta maxsus kasb-hunar ta'limi boshqarmasi tasarrufidagi barcha muassasalarda keng nishonlanmoqda.  

Andijon tuman iqtisodiyot va transport  kolleji jamoasida bayramga o‘zgacha tayyorgarlik ko‘rildi. Milliy an'analarga xos sayil tarzida o‘tgan tadbirda yigitlar o‘rtasida palov pishirish, tosh ko‘tarish, arqon tortish,  xo‘roz urishtirish musobaqalari o‘tkazilgan bo‘lsa, dilbar qizlar bahoriy salat va taomlar tayyorlash bo‘yicha bellashdilar. Ta'lim muassasasi tadbirni Islomobod mahallasi aholisi bilan hamjihatlikda o‘tkazgani tahsinga loyiq. Milliy sport o‘yinlari g‘oliblarini muassasa direktori Xondamir Alimov faxriy yorliq va sovg‘alar bilan taqdirladi. 

Andijon shahar pedagogika kasb-hunar kollejidagi sayilda boshida o‘zbekona do‘ppi, beliga belbog‘ boylagan navqiron yigitlar o‘z qo‘llari bilan yasagan varraklarni uchirdilar. Qizlar ijrosidagi lapar, o‘lan, kelin salomlar bayramga o‘zgacha fayz berdi. Navro‘zda tayyorlanadigan milliy taomlarning o‘ttizdan ortiq turi dasturxonga tortildi.

Oltinko‘l tuman xizmat ko‘rsatish va servis kasb-hunar kollejida bahor bayramini ta'lim dargohi bilan birgalikda nishonlash uchun taniqli san'atkorlar, yozuvchi, shoir va olimlardan tuzilgan respublika targ‘ibot guruhi tashrif buyurdi. 

O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a'zosi, shoir Abdunabi Boyqo‘ziyev, O‘zbekiston davlat drama teatri aktrisasi Muhabbat Abdullayeva, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Tursunboy Parpiyev, Elmurod Ahmedov va Furqat Ashuraliyevlar ilm maskanida o‘quvchilar, ustoz va aholi vakillariga o‘z san'atlarini namoyish etdilar. 

- Tasarrufimizdagi 117 ta kasb-hunar kollej, 12 ta akademik litseylarda  Navro‘z umumxalq bayramini alohida tayyorgarlik bilan o‘tkazdik,- deydi viloyat o‘rta maxsus kasb-hunar ta'limi boshqarmasi boshlig‘i Furqatbek Buzrukov. – Bayram oldidan barcha ta'lim dargohlarida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borilib, sayillarda xalqimizning asriy qadriyatlari, milliy urf-odatlarmiz tarannum etildi.  

 

Elmurod Ermatov, Andijon

Mavzuga oid
Top