10:23 / 22.03.2017
18936

Andijonlik talabalar bayramni qanday nishonlashdi?

Andijon qishloq xo‘jalik institutida “Navro‘z” umumxalq bayrami munosabati bilan sayl bo‘lib o‘tdi. Bayram saylida 1500 kishi ishtirok etdi. 

Bayram dasturi doirasida Navro‘z ruhi aks ettirilgan badiiy chiqishlarda xalq laparlari, sumalak sayli, yor-yor, beshikka bog‘lash marosimlarida  talabalarning chiqishi shodiyonaga aylanib ketdi. “Milliy sport o‘yinlari” tanlovida kurash, arqon tortish, tosh ko‘tarish kabi tarixi asrlarga teng o‘yinlar yoshlarga zavq-shavq bag‘ishladi.

Saylda fakultetlarning “Andijoncha osh tanlovi”, akademik guruhlarning “Bayramona bezatilgan “Navro‘z” milliy taomlar dasturxoni”,  “Milliy  liboslar va bahoriy turmaklar podiumi”, “Musaffo osmonda varrak musobaqasi”, “Balli qizlar ko‘rik tanlovi”, “Urf-odat va an'analarimizdan lavhalar” tanlovlari o‘tkazildi. 

Shuningdek, sumalak, halim, osh, ko‘k somsa, ko‘k chuchvara kabi milliy taomlarning tayyorlanishida talabalarning bevosita ishtiroki ularda milliy an'analarimizga sadoqat ruhini uyg‘otdi. 

Saylda Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Manzura Fazliddinova, Viloyat “Kamolot” YoIH boshlig‘i E.Abduqodirov ishtirok etib, Navro‘z bayrami bilan tabriklashdi.

Ayniqsa sevimli san'atkorlar tomonidan ijro etilgan kuy va qo‘shiqlar sayl ishtirokchilariga ko‘tarinkilik bag‘ishladi.

 

Top