11:31 / 22.03.2017
11569

Respublika jarrohlik angionevrologiya markazi tashkil etilmoqda

Toshkent tibbiyot akademiyasi 2-klinikasining angionevrologiya bo‘limi negizida Respublika jarrohlik angionevrologiya ixtisoslashtirilgan markazi tashkil etiladi. Bu haqdagi qaror O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri tomonidan 14 mart kuni imzolandi. Hujjat matni Lex.uz’da taqdim etilgan.

Markazning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat: 

angionevrologiya sohasida muvofiqlashtirish markazi funksiyalarini amalga oshirish, miya qon-tomir yetishmovchiligi kasalliklari profilaktikasi, diagnostikasi va ularni davolashning zamonaviy usullarini eng avvalo hududiy tibbiyot muassasalari amaliyotiga joriy etish bo‘yicha metodik rahbarlikning samarali vertikalini shakllantirish;

malakali angionevrolog mutaxassislarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish ishlarini muvofiqlashtirish, hududiy tibbiyot muassasalarida mahorat darslari hamda ko‘rgazmali operatsiyalar, ta'lim beruvchi ma'ruzalar va seminarlar tashkil etish;

miya qon-tomir yetishmovchiligi bilan bog‘liq kasalliklar sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borish;

miya qon-tomir yetishmovchiligi kasalliklarini davolashning zamonaviy usullarini joriy etish yo‘li bilan uyqu va yurakning qon tomirlari arteriyalari shikastlanishiga chalingan bemorlarni davolash;

surunkali miya qon-tomir yetishmovchiligi kasalligiga chalinish bilan bog‘liq holatlarni doimiy ravishda tahlil qilgan holda O‘zbekiston Respublikasida insult kasalligi milliy registrini ishlab chiqish.

Markaz Toshkent shahri, Olmazor tumani, Farobiy ko‘chasi, 2-uy manzili bo‘yicha Toshkent tibbiyot akademiyasining 2-klinikasi hududida joylashtiriladi.

Qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Sog‘liqni saqlash, ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish, jismoniy tarbiya va sport masalalari axborot-tahlil departamentiga va O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri A.K. Shodmonov zimmasiga yuklandi.

Top