19:56 / 23.03.2017
51691

Echki suti haqida foydali ma'lumotlar

Echki suti tomoqdagi, qovuqdagi yaralarni davolaydi, yo‘tal, qon tuflash, bosh og‘rig‘i, me'da xastaliklarida foyda qiladi. U quruq mizojdan bo‘ladigan xafaqon, vasvasa hamda esda saqlay olmaslik kasaliga ham yaxshi davodir. U bilan og‘izni chay-qash va g‘arg‘ara qilishning tomoq og‘riqqa, tilcha, bodomsimon bezlar shishlariga, silga va nihoyat darajada ozib ketishga foydasi katta.

 Toshloq tumanida istiqomat qiluvchi Ravshanbek Sherayev ana shunday kasalliklarni bartaraf etish maqsadida echki va echki zotlarini ko‘paytirmoqda. 2013-yilda Fransiyadan 30 bosh zotdor echkilarni olib kelgan fermerning echkilari soni bugun 150 taga yetdi.     

Hozirgi paytda echki sutidan qatiq va boshqa mahsulotlar tayyorlab, viloyatimiz aholisiga yetkazib berayotgan fermer kelgusida chet eldan zarur texnologiyalarni sotib olib, mahsulot turini ko‘paytirish niyatida. 
             
Bu jonivorning asosiy biologik xususiyatlaridan biri shuki, u har qanday iqlimga tez moslashadi. Ozuqa tanlamaydi. Qisqa muddatda semiradi. Bolalari boshqa hayvonlarnikiga qaraganda o‘zini ancha erta o‘nglab oladi. Iqlimning o‘zgarishiga, deylik kunning juda isib ketishi yoki erta sovuq tushishiga moslashuvchangiligi ham yaxshi. Parvarishi kamxarj bo‘lib, alohida yemish yoki parvarish talab qilmaydi.

Zotdor echkilarning yetuk yoshdagi takalari 60-70 kg, ayrimlari 90 kg, ona echkilari 35-40 kg, ayrimlari 60 kg.ga yetadi. Uloqlarining sut emadigan paytidagi tirik vazni 20-25 kg tosh bosadi. Jaydari zotli urg‘ochi echkilar pushtdor bo‘lib, har yili bittadan, ayrimlari ikkitadan bolalaydi. O‘rta hisobda 100 bosh urg‘ochi echkidan 90-105 boshgacha uloq olinadi. 

Fermer Ravshan Sherayev ayni kunlarda 100 dan ziyod echkidan 50 litrdan ko‘proq sut oladi. Bahor mavsumida esa echkilar 100-150 litr sut berishi mumkin. Shu kunlarda mazkur fermer xo‘jaligidan sut va sut maxsulotlari ishlab-chiqarilmoqda. Endilikda echki sutidan pishloq mahsulotlari mamlakatimizning har bir hududlariga tarqatiladi. 

Ahror Ziyo, Farg‘ona

Top