22:32 / 24.03.2017
46979

«Babayan menchalik siqilarmikan?»

Tribuna.uz saytida jurnalist Elmurod Ermatovning «Nomsiz maqola» nomli maqolasi nashr qilindi. Ushbu maqola to‘lig‘icha keltiriladi.

Nomsiz maqola

Jurnalistikada: “Maqolaning 50 foiz kuchi sarlavhada” degan ibora bor. Adadi bir necha millionlarni tashkil etuvchi “Argumenty i fakty” nashrida tayyorlangan har bir materialga mushtariylar diqqatini tortadigan sarlavha topish uchun 30 nafar xodim band. 

Kechagi beo‘xshov mag‘lubiyatdan so‘ng ishqibozlar tuni bilan telefon qilaverib, halak qilishdi. “Aka, dardimizni yozing!”, “Nega Rashidov tushmadi?”, “Qachongacha yutqazaveramiz?” kabi savollar bilan murojaat qilgan samimiy muxlislar dardini tinglab, klaviatura qitirlatishga tushdim. Maqola sarlavhasi haqida o‘ylanib ham o‘tirishning keragi yo‘q. Chunki, yurtimizda eng serg‘ayrat bo‘lgan sport muxbirlari allaqachon “guldek” iboralarning barini ishlatib bo‘lishgan. Keyin Suriya bilan o‘yin uchun sarlavha to‘qib nima qildim. Arzimaydi, ham.  

Galiulin, Markov menga qarindoshmi?
Bosh murabbiymizga: “Nega Vagizni termaga olmayapsiz?” deb ko‘p marta savol berganman. U menga “Uning o‘yini mening o‘yin falsafamga to‘g‘ri kelmaydi” deb javob qaytargandi. E-e, falsafangdan o‘rgildim... 

Axborot o‘rnida aytib qo‘ymoqchiman, bundan besh yilcha oldin muxlislar Sanjar Tursunovning termaga olinishini talab qilib chiqishgan va natija ijobiy bo‘lgandi. Afsus, endi Markovning yoshi o‘tib qoldi. U bilan suhbatlashganimda: “Chaqirishsa bor kuchimni berib o‘ynardim” deb aytganiga ham ikki yil bo‘libdi. Kecha o‘ng qanot yarim himoyasi ishlamadi hisob. Chunki, Denisov yo‘q edi-da! Aynan Galiulin o‘sha nozik joyga rosa kerak bo‘ldi. Vityaning qanoti kecha bo‘m-bo‘sh turdi desam ham bo‘laveradi.    

Afoninni olishdi-yu... Bechorani “Paxtakor”ning “tajribali” va “mahoratli” o‘yinchilari “raqobat”da sindirishdi. Hadeb: “Mana bu o‘yinchi termaga kerak!” deb yozaverganimdan so‘ng meni futbolchilarni qarindoshi bo‘lsa kerak deb o‘ylaganlar ham bor. Doston Hamdamov allaqachon terma safida asosiyda tushishi kerak. Yuguradi, tezligi ham yaxshi. Yurtimizdan chiqqan har bir mahoratli futbolchi muxlis va jurnalistlar uchun qondoshdek gap.  Faqat o‘yinchilar yaxshi ko‘rishimizni bilishmaydi, chog‘i. 

“Babayan menchalik siqilarmikan?”
Kechagi o‘yin oldidan muxlislar fikrini to‘pladik. Mulohazalar deyarli bir xil edi. “Yutamiz” dedi hamma birvarakayiga. Biroq, biz noshudlar o‘yinchilar fikrini so‘ramabmiz. Ular ichida “Ko‘ramiz” degan ekan.  Yarim tunda andijonlik Jamoldin  buva qo‘ng‘iroq qiladi: “O‘g‘lim, to‘g‘risi, yutqazganimizda Babayan menchalik siqilarmikan?”. Ana sizga savol! Murabbiy o‘yinni 20 daqiqasida tili osilib, tizzasini ushlab qolgan o‘yinchilarni ko‘rib ichidan zil ketgan bo‘lishi tayin. Yana bilmadim... Taktikasi ish bermaganida, jamoa to‘p nazoratini qo‘ldan chiqarib yugur-tep uslubida boshvoqsiz o‘ynaganida biroz bo‘lsa ham siqilgandir...    

Murabbiyni o‘zgartirish masalasi
Xo‘sh, o‘zimizda jamoani tortib ketadigan, futbolga doir yangi taktika va g‘oyalari bilan qaynab turadigan murabbiy bormi?.. Yo‘q, menimcha. Chet eldan chaqiradigan bo‘lsak, kim keladi? Ana sizga savollar shodasi. Demyanenko “Nasaf”ni boshqarganida Osiyo futbolida Lobanovskiycha uslub bilan nom qozongandi. Balki, mana shu murabbiy singari saviyadagi ustozni olib kelish kerakdir?

Menimcha, MTJ mag‘lubiyatlari sababini bolalar futbolidan izlash kerak! Tizimni isloh qilish payti keldi. Yevropa bolalar futboli vakillarini har bir viloyatga taklif etib, seminar-trening, mahorat darslari tashkil etish foydadan holi emas.

Xulosa
Besarlavha maqolamni betaktika o‘yin ko‘rsatgan terma jamoamizga bag‘ishlab yozishga jazm qilgancha, shuni aytmoqchiman: kecha Suriya kuchli o‘ynamadi, balki, biz kuchsiz o‘yin ko‘rsatdik. Bunday saviyasiz o‘yin bilan mundialni orzu qilmang, muxlislar! Jahon chempionatlarida biz Osiyoda kuchli sanagan – Eron, Koreya va Yaponiya doim guruhda ochko ulashib qaytadi. Ayni paytdagi MTJ bilan jahon chempionatiga borish… 

P.S. Mabodo, keyingi o‘yinda Babayan yigitlari  Qatar ustidan g‘alaba qozonsa ham o‘z fikrimda qolaman. 

Mavzuga oid
Top