23:00 / 25.03.2017
8256

Qirg‘izistonda sobiq deputat tarafdorlari namoyishida 70 ga yaqin kishi hibsga olindi

Foto: RIA

Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda sobiq deputat Sadir Japarov tarafdorlarining namoyishi tarqatilishi vaqtida 68 kishi hibsga olindi, deb xabar berdi Qirg‘iziston ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Almaz O‘rozaliyev jurnalistlarga. 

Uning aytishicha, norozilik namoyishi ishtirokchilari militsionerlarga suv solingan idishlarni otib, so‘ngra ularga transparantlarning yog‘ochlari bilan hujum qilgan holda ommaviy tartibsizliklar uyushtirishgan. Japarov tarafdorlari shuningdek ichki ishlar vazirligiga tegishli avtobus oynasini sindirishgan.

Tartibsizliklar yuzasidan "Bezorilik", "Militsiya xodimlariga hujum qilish", "O‘zganing mulkiga qasddan shikast yetkazish" moddalari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Ta'kidlanishicha, ayni vaqtda ushlanganlarning aybdorligi darajasi o‘rnatilmoqda

Avvalroq Qirg‘iziston milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xodimlari Japarovni Kiprdan qaytgandan keyin hibsga olishgandi. U Kiprda bir necha yil yashagan. Japarov ayni vaqtda milliy xavfsizlik qo‘mitasining izolyatorida ushlab turilibdi. Muxolif siyosatchiga "O‘ldirish bilan tahdid qilish" va "Odamlarni garovga olish" moddalari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, u 2013 yil 7 noyabrdagi namoyishni uyushtirishda gumon qilinib keladi. O‘shanda namoyishchilar Issiq-ko‘l viloyati gubernatori Emilbek Kaptagayevni bir necha soat garovda ushlab turishgan. Japarovning aytishicha, u tartibsizliklar yuz bergan vaqtda bir necha oydan beri Qirg‘iziston tashqarisida bo‘lgan.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Japarov Bishkekka qaytib, o‘z tarafdorlari ishtirokida namoyish o‘tkazmoqchi ekanligi haqidagi ma'lumot paydo bo‘lgandi. Sobiq deputatning o‘zi namoyish o‘tkazgandan keyin, ko‘ngilli tarzda milliy xavfsizlik qo‘mitasiga tashrif buyurib, ko‘rsatmalar berishini aytgan. 

Mavzuga oid
Top