14:00 / 27.03.2017
19114

Baxmal tumani tibbiyot birlashmasida tekshiruv: muassasa yong‘in xavfsizligi borasida “nol”

Ma'lumki, yong‘in xavfsizligini ta'minlash masalasi tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Chunki, “tilsiz yov” moddiy boyliklarni butunlay yaroqsiz holatga keltirish bilan birgalikda insonlarning hayotiga ham zomin bo‘lmoqda. 2017 yilning hozirgi davriga qadar viloyatimiz hududida 78 ta yong‘in qayd etilib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6 taga kamayganini ko‘rsatmoqda. Ming afsuski, yong‘inlar natijasida 2 nafar fuqaroning halok bo‘lish va 3 nafar fuqaroning tan jarohati olish holati qayd etilgan.

Aksariyat yong‘inlar olovdan ehtiyotsizlik, isitish pechlari va elektr uskunalari sababli yuzaga kelayotganligini e'tiborga olib, soha xodimlari tomonidan mazkur jabhalarda targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirishga alohida e'tibor qaratilayotir.

Shu sababli soha xodimlari profilaktik ishlarni viloyatimizning barcha jabhalarda keng miqyosda olib bormoqda. Joriy yilning 24 mart kuni ana shunday uchrashuvlardan biri Baxmal tumani tibbiyot birlashmasida ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi.

Garchi, birlashma rahbariyati uchrashuv o‘tkazilishidan bir kun oldin “Yong‘in xavfsizligini ta'minlash – dolzarb masala” mavzusida seminar-uchrashuv o‘tkazilishi haqida ogohlantirilgan bo‘lsa-da, birlashma hududida mavzuga mutlaqo teskari holatning guvohi bo‘ldik:

– muassasa tashkiliy-uslubiy bo‘limga kirganimizda bu yerda bir nechta qo‘lbola elektr isitish moslamasi ochiqdan-ochiq foydalanilayotganligi, garchi bu yong‘in xavfini keltirib chiqarishi mumkinligi ayon bo‘lib, hatto pech joylashgan polning yuqori harorat ta'sirida o‘z rangini o‘zgartirib, yong‘inning ilk alomati hisoblangan “qora dog‘”ning paydo bo‘lishiga qaramay, muassasa xodimlari bunga mutlaqo e'tiborsiz bo‘lgan;

– muassasa devonxonasiga kirganimizda bu yerda ham elektr isitish pechi o‘rnatilgani, ammo xodim yong‘in xavfsizligi va mehnat muhofazasi bo‘yicha yo‘riqnomadan o‘tmaganligi, muassasada xodimlarning xavfsizlik qoidalari bilan tanishtirish ishlari o‘z holiga tashlab qo‘yilgani xodimning o‘zini tutishidan ham ayon bo‘lib qoldi. Vaholanki, qoida bo‘yicha mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi bo‘yicha muassasa rahbariyati tomonidan alohida buyruq chiqarilishi va xodimlar tomonidan imzo qo‘ydirish yo‘li bilan doimiy tanishtirib borilishi zarur edi;

– elektr qalqoni joylashgan xona butunlay qarovsiz qoldirilib, ortiqcha narsalar saqlanadigan “omborxona”ga aylantirilgan. Bu yerdagi vaziyat “chiqindixona”ni eslatadi. Vaholanki, elektr qalqoni saqlanadigan xonalarga alohida xavfsizlik qoidalari qo‘yiladi. Chunki, birinchidan, ushbu xonada yuqori kuchlanishli elektr simlari o‘tgan bo‘lib, bu insonlar hayoti va salomatligiga jiddiy xavf tug‘diradi. Ikkinchidan, binodagi umumiy kuchlanishni ham aynan shu xonadan boshqarish mumkin, ya'ni agar binoning boshqa xonalarida yong‘in yuzaga kelganda ham aynan shu xonadan elektr kuchlanishini o‘chirib, so‘ng yong‘inni bartaraf etishga kirishish zarur. Shu sababli xona toza va doimiy nazoratda bo‘lishi talab etiladi. Ushbu holatda esa mutlaqo teskari vaziyatni ko‘rish mumkin;

– xonalarda nosoz elektr ulagich (rozetka)lardan foydalanish holatlariga juda ko‘p misollar keltirish mumkin;

– birlashma xodimlari tomonidan “oshxona” deb atalayotgan joyda esa butunlay antisanitariya holati yuzaga kelgan;

– birlashma hududida mavjud yong‘in o‘chirish qalqonlari ko‘zdan kechirilganida birlamchi yong‘in o‘chirish vositalari yaroqsiz holatga kelib qolganligi, yong‘in o‘chirish uchun ishlatilishi lozim bo‘lgan chelaklar esa korroziya ta'sirida zanglab, suv turmas darajada teshiklar paydo bo‘lganligini ilg‘ash qiyin emas. Qum solinishi kerak bo‘lgan alohida joy esa chiqindi bilan to‘ldirilgan edi. Bir so‘z bilan aytganda, qalqonning hatto rangi ham talab darajada emasdi;

– muassasa qavatlarida bo‘lishi ko‘zda tutilgan yong‘in o‘chirish jo‘mraklari ham qarovsiz qoldirilib, quvurning o‘zigina qolgan, xolos. Vaholanki, ushbu quvurlar har bir qavatda joylashtirilgan bo‘lib, ular yong‘in o‘chirish yengliklari va dastagi, birlamchi yong‘in o‘chirish vositalari bilan jihozlanishi, yong‘in vaqtida aynan shular orqali tez va kam talofat bilan bartaraf etish choralari ko‘rilishi lozim;

– binoning zahira chiqish yo‘llariga gaz quvurlari va gaz plitalari o‘rnatilishi natijasida u qarovsiz holatga kelib qolgan. Vaholanki, zina kataklari o‘tishga oson va to‘siqlarsiz bo‘lishi, u yerda yonuvchi gazlar va gaz plitalari o‘rnatilishi mutlaqo taqiqlangan;

– bu yerda ham yong‘in o‘chirish jo‘mraklari yaroqsiz holatga kelib, jo‘mrakning ichki qismi shifokorlar rezina qo‘lqoplari bilan to‘ldirib qo‘yilganligini ko‘rish mumkin;

– tibbiyot birlashmasiga qarashli ikkinchi yong‘in o‘chirish qalqonida esa bittagina chelakni ko‘rish mumkin;

– tibbiyot birlashmasiga qarashli poliklinikada ham umumiy ahvol shu: nosoz elektr ulagich va elektr isitish pechlarini tez-tez va ko‘p marotaba uchratish mumkin, isitish pechlarining qog‘oz daftarlar ustiga qo‘yilganligini esa biron-bir sabab bilan izohlab bo‘lmaydi. Axir, qog‘oz oson yonuvchi mahsulot ekanligi tibbiyot xodimlariga nahot ayon bo‘lmasa;

– davolash xonalaridan biriga qo‘yilgan qo‘lbola elektr isitish pechiga xamshira tomonidan dori-darmonlarni isitish maqsadida foydalanamiz, deb izoh berildi. Vaholanki, dori-darmonlar muayyan haroratda saqlanishi, ulardan foydalanishda ham muayyan tartib-qoidalar mavjud. Tuman tibbiyot birlashmasida dori-darmonlarni isitish uchun qo‘lbola va nosoz elektr isitgichga ehtiyoj sezilganini qanday izohlash mumkin. Agar tibbiyot birlashmasiga tashrifimiz mart oyida o‘tkazilganini e'tiborga olsak, muassasada qish oylarida yong‘inga qarshi holat qanday bo‘lgan, degan savolga biz xona pollarida uchratgan o‘ndan ortiq qora dog‘lar orqali javob olishimiz mumkin. Chunki, ushbu dog‘lar isitish pechlarining qizib ketishi oqibatida yuzaga kelgan, xodimlar buni o‘z vaqtida payqab qolib, uni o‘chirishgandan dalolat beradi. Lekin har safar shunday bo‘ladi, bir safar xodim kech qolib pechdan yong‘in yuzaga kelmaydi, deb kim kafolat beradi?! Tibbiyot xodimlari ana shu o‘tkir haqiqatni tan olmayaptilar yoki tan olishni istamay, o‘z qoidabuzarliklarni xaspo‘shlash uchun turli bahonalarni ro‘kach qilmoqdalar.

Aniqlangan holatlar bo‘yicha tibbiyot birlashmasi xodimlari bilan suhbat o‘tkazishga harakat qilganimizda, bir necha soatlik urinishlardan so‘ng, atigi 32 nafar xodim bilan suhbat o‘tkazishga muvaffaq bo‘ldik, vaholanki, biz boxabar qilmoqchi bo‘lgan xavfsizlik qoidalari haqida xabardor bo‘lishdan  muasassaning har bir xodimi manfaatdor-ku. Chunki ushbu qoidalar o‘tgan yili Respublikamiz hududida 139 nafar insonning hayotiga zomin bo‘lgan yong‘inlar va ularning oldini olish haqida borayotgan edi.

Yong‘in xavfsizligi uchun, birinchi navbatda, mas'ul shaxs, muassasa rahbari Olim Davlatov bilan shu kuni ko‘rishishning umuman imkoni bo‘lmadi. Turli bahonalar bilan boshqa viloyatda ekanligini bahona qilayotgan rahbarning o‘z tashkilotidagi ahvoldan xabari yo‘qmidi? Albatta, xabardor bo‘lgan. Ammo xavfsizlik qoidalariga panja ostidan qaraydigan ushbu rahbarga yong‘in xavfsizligi qoidalarining muntazam buzilishi odatiy holga aylangan edi.

Misol uchun, Baxmal tumani tibbiyot birlashmasiga 2016 yilning 16 fevralida 18 banddan iborat yozma ko‘rsatma tuzilgan bo‘lib, dekabr oyida yong‘in xavfsizligi qoidalari buzilganligi uchun xo‘jalik ishlari mudiri, ko‘p tarmoqli xirurgiya bo‘limi mudiri, poliklinika boshlig‘i O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 211-moddasi bilan ma'muriy javobgarlikka tortilgan.

2017 yil 22 mart kuni 22 banddan iborat yana bir yozma ko‘rsatma yuborilgan bo‘lib, yozma ko‘rsatma bandlari bo‘yicha belgilangan muddatda qayta tekshiruv o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Yong‘in xavfsizligi qoidalariga bepisandlik bilan qarash amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortilishga sabab bo‘ladi.

Yuqorida aniqlangan holatlar qoidabuzar xodimlarga nisbatan tegishli ma'muriy chora ko‘rildi, nosoz va qo‘lbola elekir isitish pechlaridan foydalanishga chek qo‘ildi.

Shu o‘rinda, “salomatlik himoyachilari” hisoblanadigan, tunu kun insonlarning salomatligini tiklash va ularni sog‘lom hayotga qaytarish uchun mehnat qiladigan, lekin har yili yuzlab insonlarni yostig‘ini quritayotgan  “tilsiz yov”ni oldini olishga befarq qarayotgan tibbiyot xodimlarini yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilishga chaqirgan bo‘lardik. Chunki, ular bugun ish joyida yo‘l qo‘yayotgan ehtiyotsizliklarini ertaga uyida qilishi, farzandlari bundan o‘rnak olib, oxir-oqibatda ko‘ngilsiz voqeaga sabab bo‘lishi hech gap emas.

Farrux Abduraxmanov
Jizzax viloyati IIB YoXB
katta muhandisi, leytenant

Top