14:06 / 27.03.2017
7004

YeI norozilik aksiyalarida ushlanganlarni zudlik bilan qo‘yib yuborishga chaqirmoqda

Foto: TASC

Yevropa ittifoqi Rossiya hukumatini yakshanba kuni Rossiya shaharlari bo‘ylab o‘tkazilgan, oldindan kelishilmagan norozilik aksiyalarida qo‘lga olinganlarni "zudlik bilan ozod etish"ga chaqirmoqda 

Yakshanba kuni Moskvada muxolifatchi Aleksey Navalniy tomonidan tashkillashtirilgan kelishilmagan norozilik aksiyalari o‘tkazildi. Ilgariroq Moskva hokimiyati poytaxt markazida 26 mart kuni namoyish o‘tkazishga rad javobi berib, namoyishchilarga Sokolniki yoki Lyublinodagi hududlarni tavsiya etishgan edi, biroq muxolifat buni rad etgan. Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Moskva markazidagi ko‘chaga insonlarni chiqishga chorlash fitnadan boshqa narsa emasligini ta'kidlagan. Poytaxtda o‘tgan norozilik aksiyalari davomida politsiya tomonidan qo‘lga olingan namoyishchilar soni mingdan ortgan. Aktsiya davomida politsiyachilardan biri boshidan jarohatlangan.

"Biz Rossiya hokimiyatini o‘z zimmasiga olgan yig‘ilishlar, mitinglar va namoyishlar o‘tkazish erkinligi huquqlari borasidagi xalqaro, Yevropa Kengashi va YeXHT majburiyatlariga to‘liq rioya qilishga chaqiramiz. Shuningdek, kechiktirmasdan tinch namoyish qatnashchilarini qo‘yib yuborishga undaymiz", — deyiladi Yevropa tashqi siyosat xizmati rasmiy saytida chiqqan bayonotda.

Bayonotga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasidagi politsiyalarning xatti-harakatlari "Rossiya Federatsiyasi Konstitutsiyasida belgilab qo‘yilgan bazaviy huquqlarni ro‘yobga chiqarishda to‘sqinlik qilgan". Ilgariroq, AQSh davlat departamenti ham kelishilmagan aksiya davomida hibsga olishlarni qoralagan. 

Aktsiya o‘tishidan oldinroq Rossiya IIV Moskva shahri bo‘yicha bosh boshqarmasi moskvaliklarni oldindan kelishilmagan aksiyada ishtirok etishdan qaytarib, xavfsizlik uchun javobgarlik aksiya tashkilotchilari zimmasiga yuklatilishi va ular bundan rasman ogohlantirilganligini bildirib o‘tgan edi.

Mavzuga oid
Top