10:21 / 29.03.2017
4500

AQSh senati Chernogoriyani NATOga kirishiga ruxsat berdi

AQSh Kongressi senati seshanba kungi yig‘ilish vaqtida Chernogoriyaning NATOga kirishi haqidagi bayonnomani ratifikatsiya qildi. Buning uchun palataning 97 nafar a'zosi ovoz bergan.

“1949 yilgi Shimoliy Atlantika kelishuviga Chernogoriyani qabul qilish haqidagi bayonnoma ratifikatsiyasi haqidagi rezolyutsiya ma'qullandi", - deya aytib o‘tdi yig‘ilishda raislik qilgan respublikachdi-senator Ron Jonson.

Chernogoriya alyansning 2009 yil dekabr oyidagi yig‘ilishida blokka a'zolik uchun harakatlar rejasini qabul qilib olgandi. 2010 yilda muzokaralar boshlandi, 2016 yilning mayida ular tashkilotga kirish haqidagi bayonnoma imzolanishi bilan o‘z yakuniga yetdi. Shundan so‘ng respublika kuzatuvchi maqomini oldi. 

Ushbu bayonnoma alyansning barcha davlatlari hamda Chernogoriya tomonidan ratifikatsiya qilingach, davlat NATOning 29 a'zosiga aylanadi. Hozircha bayonnoma tashkilotning 24 mamlakati tomonidan ratifikatsiya qilingan.

Ratifikatsiyaga ikki nafar respublikachi-senator faol ravishda qarshilik ko‘rsatdi - Rend Pol va Maykl Li. Pol hattoki bayonnoma ratifikatsiyasi bo‘yicha ovoz berishni yengillashtirilgan tartibda o‘tkazishni to‘sib qo‘ydi. "Agarda Ukraina va Gruziya NATO a'zolari bo‘lganda, biz hozirda Rossiya bilan jahon urushida ishtirok etayotgan bo‘lardik", - deya ta'kidlab o‘tdi Pol.

Ma'lumot uchun, Sobiq Ittifoq parchalanib ketganidan so‘ng NATO a'zosiga 12 davlat aylandi: 1999 yilda - Vengriya, Polsha hamda Chexiya, 2004 yili - Bolgariya, Latviya, Litva, Ruminiya, Slovakiya, Sloveniya va Estoniya, 2009 yilda - Albaniya va Xorvatiya. Ayni damda Shimoliy Atlantika kelishuvi tashkiloti 28 davlatni o‘z ichiga qamrab oladi hamda ochik eshiklar siyosati davom ettirilmoqda. Makedoniya NATOga a'zo bo‘lishga nomzod sifatida ko‘rilmoqda, bundan tashqari, 2008 yilgi NATOning Buxarestdagi yig‘ilishida blokka Gruziya va Ukrainani qo‘shish haqidagi dasturni boshlash haqida qaror qabul qilindi.

Mavzuga oid
Top